Mazkur tadbir Vengriya eksportni rag‘batlantirish agentligi (HEPA) ko‘magida Budapesht shahrida o‘tkazilgan iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Vengriya hukumatlararo komissiyasi yig‘ilishining mantiqiy davomi bo‘ldi.
Unda sanoat, qishloq xo‘jaligi, investitsiya, innovatsiya va fan-ta’lim sohalarida amaliy hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor bo‘lgan yetakchi kompaniyalar rahbarlari qatnashdi.
Tadbir davomida Vengriya kompaniyalari O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan loyihalarini taqdim etdi. Xususan, vakuumli qadoqlash, biologik chiqindilarni qayta ishlash, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, tibbiy texnologiyalar, suvni tejash, mashinasozlik va investitsiyaviy boshqaruv sohalaridagi tashabbuslar ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston vakillari mamlakat hududida to‘g‘ridan to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, texnologiyalarni transfer qilish va qo‘shma korxonalar tashkil etishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Biznes anjuman doirasida texnologik va investitsiyaviy hamkorlik uchun yangi platforma bo‘la oladigan O‘zbekiston-Vengriya maxsus industrial zonasi konsepsiyasi taqdimoti o‘tkazildi.









