Bir yil oldin, Ukraina qurolli kuchlari Kursk oblastiga bostirib kirishga tayyorgarlikni yakunlayotganida, RF qurolli kuchlari Avdiyivka g‘arbidagi Progress qishlog‘i atrofida ukrainlar mudofaasini yorib o‘tgan hamda Pokrovsk tomon harakatlangandi. Bu yurish maqsadi – shaharning o‘zi emas (shahar yo‘nalishidagi manyovr chalg‘ituvchi harakat bo‘lib chiqdi), Donbassning janubiy qismi edi. Ammo Pokrovskning o‘zi ham tahdid ostida turardi. Bugungi kunga kelib Rossiya armiyasi uning chekkalariga yetib kelgan. Pokrovskka janubdan RF qurolli kuchlari razvedkachilari kirmoqda; shimolda esa shaharni boshqa bir guruh aylanib o‘tishga urinmoqda, uning maqsadi shaharni Donbassning shimolidan uzib qo‘yish hisoblanadi. Va Ukraina qurolli kuchlari uchun xavf shu bilan tugamaydi. Pokrovsk sharqidagi mudofaa chizig‘ida yuzaga kelgan o‘sha bo‘shliq orqali RF qurolli kuchlari shimolga ham yurish qilmoqda. Katta ehtimol bilan, bu yurishning asosiy maqsadi – Kramatorsk va Slovyansk aglomeratsiyasiga chiqish hisoblanadi. Ushbu shaharlarning egallanishi Kreml uchun katta siyosiy ahamiyatga ega: bu Donbass ustidan to‘liq nazorat o‘rnatilganini e’lon qilishga imkon beradi. Bu vaqtda Ukraina qurolli kuchlari mamlakat shimoli-sharqida Sumi oblastiga bostirib kirgan bo‘linmalarni chegara ortiga surib tashlash uchun katta qo‘shin ushlab turishga majbur bo‘lmoqda.

Pokrovsk va Konstantinovka

Rossiya qo‘shinlari iyul oyi o‘rtalarida Pokrovskdan shimoli-sharqdagi Novoekonomicheskoye posyolkasining bir qismini egallab, Pokrovskni shimoldagi Dobropole bilan bog‘lovchi yo‘l bo‘yida joylashgan Rodinskiyga yaqinlashgandi. Bu esa Pokrovsk–Mirnograd aglomeratsiyasini shimoldan o‘rab olish xavfini tug‘diradi. Agar Rodinskiy ham egallansa, Pokrovsk Ukrainaning asosiy qismi bilan faqat ancha g‘arbda joylashgan Dnipro shahriga boruvchi yo‘l orqali bog‘lanadi. Bunday kommunikatsiya esa Pokrovsk shturmi boshlangan taqdirda, shahar himoyasidagi qo‘shinlarga ta’minot yetkazib berish uchun yetarli bo‘lmasligi mumkin.

RF qurolli kuchlari esa shaharni shturm qilishga tayyorlanmoqda: shahar janubiy chekkasidagi nazorat hududi kengaytirilmoqda va shahar ichkarisiga razvedkachi guruhlar yuborilmoqda. Bundan tashqari, ukrainlar bahor davomida amalga oshirgan qarshi hujumlarga qaramay, RF qurolli kuchlari shahar g‘arbidagi Kotlino va Udachnoye posyolkalari hududida tashkil etilgan platsdarmni saqlab qololdi. Shturm boshlanganida Rossiya qo‘shinlari shu yerdan turib Pokrovsk–Dnipro yo‘li yo‘nalishida hujum qilib, shahar to‘liq qurshovga olinishi xavfini yuzaga keltirishi mumkin.