Ijara bozori – O‘zbekistonda umuman tartibga solinmagan, palapartish soha. Odatda ijaraga uy olish uchun odamlar yoki internetdagi e’lonlarni qarab chiqadi, yoki uyma-uy yurib qidiradi yoki makler-rieltorlarga murojaat qiladi. O‘rtakashlar esa uy ijarasi bahosining 50%i miqdorida xizmat haqqi olib, 1 so‘mini ham davlatga soliq qilib to‘lamaydi. Kun.uz bozordagi vaziyatni bilish uchun ijarachilarga quloq tutdi.
O‘zbekistonda ijaraga uy olish uchun aksariyat hollarda xonadon egalari bilan gaplashib olgan rieltor va maklerlarning oldidan o‘tishingizga to‘g‘ri keladi. O‘zingiz topaman desangiz, juda ko‘p vaqtingizni yo‘qotasiz. O‘rtakash rieltor va maklerlar esa uy izlab yurganlarga o‘lja ko‘zi bilan qaraydi.
Ayniqsa, poytaxt Toshkentda borgan sari ijaraga uy topish muammo: narxlar qimmat, xonadon egalari injiq, ijarachilarning esa moddiy ahvoli achinarli.
Chilonzor tumanidagi uy-joy bozorida turganlarning 90%i rieltor va maklerlar. Eng qizig‘i, ularning ichida hali 18 yoshga to‘lmaganlari ham bor. Yana biri esa shu bozorda tug‘ilib, katta bo‘lganini aytadi.
Ayollar, keksalar, ishsiz bekorchilar ham shu bozorda maklerga aylanib olishgan. Kameralarni ko‘rgan bu ayyorlar darrov mehr-muruvvat farishtalariga aylanib olishdi, “kambag‘allar uchun tekinga uy topib beramiz”, deganlar ham bo‘ldi.
“Qiynalib qolgan oila kelib, uy so‘radi. Tekinga ham joylashtirib berdik, lekin ba’zi maklerlar aytgan 50% ni oladi, ko‘chada o‘tirgan hech qayerdan ro‘yxatdan o‘tmagan o‘rtakashlar esa uy egasi raqamini olib olgan. Mijozni ko‘chadan ilintiradi va hattoki, uyni ko‘rsatish uchun olib borgan yo‘lkira haqqini ham ijarachilardan undiradi. Hech qanday hujjat yo‘q, qandaydir muammo bo‘lsa, pulini ham qaytarib ololmay qoladi”, deydi maklerlardan biri.
Ijara tizimining tartibga solinmagani oqibatlaridan biri xohlagan odam bu joyga kelib, uy taklif qilishi, ijarachidan esa uy narxining 50% miqdorida o‘rtakashlik puli olishi mumkin. Olgan daromadidan esa bir tiyin ham soliq to‘lamaydi.
Shu kecha-kunduzda aholi so‘roviga binoan normal-shart sharoitlarga ega standart uylar – 400-450 AQSh dollari. Darvoqe, uy bozorida hech kim milliy valutada narx aytmaydi, faqat chet el valutasida savdolashasiz.
Talabalarga ijara uylari – alohida mavzu. Deyarli, hech kim talabaga uyini bermaydi, berganlar ham shart-sharoitsiz, ko‘rimsiz, fayzsiz uyini shu talabalarga pullaydi.








