4 avgust kuni O‘zbekiston prezidenti mehnat munosabatlari va kasbga tayyorlash tizimiga oid farmon imzoladi. Bandlik vazirligi matbuot xizmati Kun.uz'ga farmondagi muhim yangiliklar haqida ma’lumot berdi.

Hujjatga ko‘ra, 2025 yil 1 sentabrdan boshlab:

  • 50 nafargacha xodimi bo‘lgan xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi va qurilish sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga biometrik identifikatsiya qilish (Face-ID) orqali elektron mehnat shartnomalarini tuzish va bekor qilishni rasmiylashtirish huquqi beriladi;
  • bo‘sh ish o‘rinlari mavjudligi to‘g‘risidagi hisobotlarni majburiy taqdim etish tartibi bekor qilinadi;
  • bo‘sh ish o‘rinlariga mehnat organlari tomonidan yuboriladigan shaxslarni ishga qabul qilmaganlik uchun javobgarlik bekor qilinadi;
  • ish o‘rinlarini zaxiralash tizimi xodimlar soni 100 nafardan ortiq korxona va tashkilotlarga nisbatan tatbiq etiladi;
  • ish o‘rinlarini zaxiralash tizimi faqat nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslar uchun tatbiq etiladi; budjet tashkilotlari hamda davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan korxonalar uchun zaxiralashning amaldagi tizimi saqlab qolinadi.

2025 yil 1 avgustdan boshlab davlat mehnat inspektorlari tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruvlar bo‘yicha vakolatli organni xabardor qilish tartibi bekor qilindi.

2025 yil 1 oktyabrdan boshlab norasmiy bandlikka yo‘l qo‘ygan ish beruvchilarga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralari kuchaytiriladi.

2025 yil 1 noyabrdan boshlab doimiy ishga ega bo‘lgan hamda malakasini oshirish istagidagi shaxslarga qo‘shimcha ta’lim olishi uchun “kasb vaucheri” joriy etiladi