Yana to‘rt kundan keyin AQShning Alyaska shtatida oxirgi yillarning eng muhim uchrashuvi doirasida Donald Tramp Rossiya prezidenti Putin bilan Ukrainadagi urushni muhokama qiladi. Bu uchrashuvda urush tugashi mumkin. Bu uchrashuvdan keyin urush battar avj olishi ham mumkin. Ishonchli manbalar tarqatayotgan xabarlarga ko‘ra, Tramp Ukraina yerlarini Rossiyaga «sovg‘a qilmoqchiga» o‘xshaydi. Lekin Ukraina bir qarich yerini ham bermoqchi emas. Quyida shu haqda.

Tramp nuqta qo‘ymoqchi

Biz avvalgi videolarimizda aytganimizdek, Tramp uchun bu urushda kim yutishining, qaysi davlat yerini qaysi davlatga berishining umuman qizig‘i yo‘q. Ukrainadagi urushni tugatish Tramp uchun tuxum va benzin narxini tushirish, Nyu York ko‘chalariga qo‘shimcha chiqindi qutilari o‘rnatish yoki AQShda tonirovkani bepul qilish kabi saylovchilarga va’da qilingan oddiy ish, bundan ortig‘i emas.

Shu sabab Trampning toqati toq bo‘lgani ruslardan ko‘ra ko‘proq ukrainlarni qo‘rqitmoqda. Chunki ruslarga bosim qilish, Rossiyani jang maydonida mag‘lub etish Tramp uchun qulay variant emas, bunga juda ko‘p vaqt ketadi. Lekin Ukrainaga bosim qilish, Kiyevni o‘z yerlarini Rossiyaga topshirishga majburlash urushni tugatishning eng qisqa yo‘li. Agar Ukraina bunga qarshilik qilsa, Tramp uning boshiga og‘ir kunlarni soladi. Ishoning, bu Amerika prezidentining qo‘lidan keladi. Tramp o‘zining gapiga kirib urushni to‘xtatmagan Ukrainaga jahl qilib Rossiyaga HIMARS yuborsa ham ajablanmang.

Demak, Alyaskadagi muzokaralarning birinchi ssenariysi shu – Tramp Putin bilan kelishib, Ukrainaga bosim qilish orqali uning yerlarini Rossiyaga olib berishga urinishi mumkin. Ukraina prezidenti Zelenskiy oxirgi kunlarda bir nechta video e’lon qilib, Kiyev o‘z yerlarini bermasligini bejizga aytgani yo‘q. Uning eng yaqin mulozimi Yermak Londonda AQSh vitse-prezidenti Vens bilan muloqot qildi va Zelenskiy katta ehtimol Vashingtonning niyatidan boxabar. Shu sabab ukrain yerlarini qo‘shqo‘llab topshirishga hech kimning haqqi yo‘qligini aytmoqda.

Ikkinchi ssenariy: Rossiya ham chekinadi

Agar Tramp chindan Amerikaning kuchini ko‘rsatib, Putinga real bosim qila olsa, Alyaskadagi uchrashuvdan keyin Rossiya ham hududiy yon berishi mumkin. Ya’ni aytaylik Ukraina Donetsk va Luhanskni majburan ruslarga topshiradigan bo‘lsa, Rossiya Xerson va Zaporijjyadan chiqib ketishi mumkin. Yana takrorlayman, agar Tramp Rossiyaga yetarli bosim qila olsa. Shaxsan men bunga ishonmayman. Putin Rossiya umuman orqaga tisarilmasligini ko‘p marta aytdi, lekin Rossiya propagandasi uchun Xerson va Zaporijjyadan chiqishni mag‘lubiyat emas, «jyest dobroy voli» deb ko‘rsatish qiyinchilik tug‘dirmaydi. Surovikin Xersonda daryoning narigi tomoniga chekinishganini qanday xotirjamlik bilan e’lon qilgani esingizda bo‘lsa kerak.