Donald Trampning Ukrainadagi urush qanday tugashi kerakligi haqidagi qarashlari Alyaskada Rossiya rahbari bilan uchrashuvdan keyin o‘zgardi, deb yozadi G‘arbning yetakchi nashrlari o‘z manbalariga tayanib.

Agar bu manbalarga ishonilsa, bu Ukraina uchun ham yaxshi, ham yomon yangilik degani. BBC bu boradagi so‘nggi xabarlarni bir joyga jamladi.

O‘t ochishni to‘xtatish o‘rniga tinchlik shartnomasi

O‘z pozitsiyasidagi birinchi o‘zgarish haqida Trampning o‘zi ma’lum qildi: Vladimir Putin bilan uchrashuvdan so‘ng u tezkor sulh emas, balki tinchlik shartnomasi bo‘yicha kelishib olish kerak, degan qarorga keldi. Juma kuniyoq Tramp Alyaskaga yo‘l olarkan, birinchi navbatda o‘t ochishni to‘xtatishga erishishga umid qilgandi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirmoqda va uni Yevropa davlatlari qo‘llab-quvvatlamoqda.

Ammo frontdagi vaziyat Putinning foydasiga hal bo‘lmoqda va u sulh tuzishni istamayapti – va buning o‘rniga o‘z shartlari asosida tinchlik shartnomasini talab qilmoqda. Ekspertlar taxminiga ko‘ra, Putin Trampni o‘z pozitsiyasiga ishontirgan bo‘lishi mumkin – yoki Tramp shunchaki Kreml ko‘rib chiqishdan bosh tortgan ssenariyni talab qilishni maqsadga muvofiq emas deb hisoblagan.

Bu pozitsiyaning o‘zgarishi Kiyev va uning yevropalik ittifoqchilarining hafsalasini pir qilgan bo‘lishi kerak, deb yozadi BBC diplomatik muxbiri Pol Adams. Putin esa Amerikaning yangi sanksiyalaridan qutulib qoldi va urushni davom ettirish uchun vaqtdan yutdi.

Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili o‘rinbosari Dmitriy Polyanskiy BBC Jahon xizmatining Newshour radioeshittirishi efirida ikki prezident nimalarni muhokama qilgani haqida chiqqan maqolalar shunchaki taxminlar ekanini aytdi.

Shu bilan birga, Zelenskiy dushanba kuni Vashingtonga tashrifi chog‘ida Trampning pozitsiyasi nega bunchalik o‘zgarganiga izoh olishga harakat qiladi, deb yozadi New York Times.

Ukraina uchun xavfsizlik kafolati

Ukraina uchun yaxshi yangilik shundaki, Tramp unga AQSh + Yevropa Ittifoqi formatida, ammo NATO ishtirokisiz xavfsizlik kafolatlarini taqdim etishga tayyor – bu haqda Wall Street Journal o‘z manbalariga tayanib yozmoqda. Putinning Alyaskada Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari zarurligi masalasida Tramp bilan kelishib olgani haqidagi so‘zlari, shuningdek, Amerika prezidentining uchrashuvdan keyin Fox News telekanaliga bergan intervyusidagi qisqa izohi buning bilvosita tasdig‘idir.