Angliya: «Arsenal» «Old Trafford»dan 3 ochko bilan qaytdi

APL. 1-tur
«Manchester Yunayted» — «Arsenal» 0:1
Gol: Kalafiori (13).
«Manchester Yunayted» — Bayindir, Dalot (Diallo, 55), Yoro, Le Ligt, Shou (Maguayr, 80), Dorgu, Kazemiro (Ugarte, 65), Fernandesh, Maunt (Sheshko, 65), Mbeumo, Kunya.
«Arsenal» — Rayya, Uayt (Timber, 72), Gabriel, Saliba, Kalafiori (Lyuis-Skelli, 72), Rays (Merino, 83), Subimendi, Edegor, Saka, Martinellli (Madueke, 60), Gokeresh (Haverts, 60).
Ogohlantirishlar: Kalafiori (42), Dorgu (85), Rayya (85), Timber (90+1), Lyuis-Skelli (90+3).

Angliya premer ligasida 2025/26 yillar mavsumining birinchi turi futbol muxlislariga birdaniga ikki top uchrashuvni taqdim etdi. Juma oqshomida hujum chizig‘ini yangilagan «Liverpul» «Bornmut»ga qarshi o‘yinda iroda ko‘rsatib, 4:2 hisobida g‘alaba qozongandi. Yakshanba kuni esa ingliz klassikasi bo‘lib o‘tdi — «Manchester Yunayted» «Old Trafford»da «Arsenal»ni qabul qildi.

Bu jamoalar yozgi transferlarni faol o‘tkazdi, ayniqsa, o‘tgan mavsumni 15-o‘rinda yakunlagan «MYu» 230 million yevro sarflab, hujum chizig‘iga Kunya, Mbemo va Sheshko kabi to‘purar futbolchilarni sotib oldi va bu mavsumda o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘ygan. Qatorasiga uch mavsumda chempionlik poygasini boy bergan «Arsenal» uchun esa yangi mavsumni g‘alaba bilan boshlash juda muhim edi.

«Arsenal» ham transferlar uchun 200 million yevroga yaqin xarajat qildi va tarkibini yarimhimoyachilar Martin Subimendi va Kristian Norgar, hujumchilar Noni Madueke va Viktor Gyokeresh, himoyachi Moskera va darvozabon Kepani o‘z safiga qo‘shib oldi.

Murabbiylar o‘z ixtiyoridagi eng kuchli tarkibni maydonga tashladi. Amorim faqat jamoaga qo‘shilganiga ko‘p bo‘lmagan Sheshkoni zaxirada qoldirdi — Mbemo va Kunya ilk daqiqalardan harakat qildi. Arteta esa yangi xaridlardan Gyokeresh va Subimendini boshlang‘ich tarkibga kiritdi.

Bayindirning xatosi va Kunyaning magiyasi

«Yunayted» o‘yinni tetik boshladi — mezbonlar darhol to‘pni o‘z nazoratiga oldi va bir necha bor turli qanotlardan raqib jarima maydoniga kirib borishga urindi. Ayniqsa Kunya va chap qanot himoyachisi Patrik Dorgu jonbozlik ko‘rsatishdi — ular dastlabki 10 daqiqalikda bir necha xavfli vaziyatlar yaratishdi.

«Arsenal»dan esa kuchli bosimga dosh berish talab etildi va ular buni uddalashdi. 10-daqiqadan keyin esa mezbonlar bosimni susaytirdi va buning uchun to‘lov qilishdi. 13-daqiqada «kanonirlar» hujumga o‘tishdi va burchak to‘pi ishlashdi — «Arsenal» sardori Martin Edegorning qanotdan uzatmasidan keyin Mateys de Ligt to‘pni maydon tashqarisiga chiqarib yubordi. Standart vaziyatlar esa hamon mankunianlar uchun nozik nuqta ekani ayon bo‘ldi.