Jahon | 11:29 / 20.08.2025
4464
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi yerosti maxfiy quvuri tashkilotchilariga sud hukmi o‘qildi

Quvur orqali 2 oy davomida Qozog‘iston neft mahsulotlari O‘zbekistonga kontrabanda qilingan.

Foto: Videodan kadr

Qozog‘istonning Turkiston viloyati sudi Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi yerosti quvuri orqali yoqilg‘ini noqonuniy tashish ishi bo‘yicha hukm chiqardi, deb xabar berdi Tengrinews.

Ish materiallariga ko‘ra, 2024 yil iyul oyida mahalliy fuqaro K. O‘zbekiston fuqarosi R. bilan transmilliy jinoiy guruh tuzish uchun til biriktirgan. Birlashma tarkibida boshqa shaxslar ham bo‘lgan.

Sariyog‘och tumanining Sarqirama qishlog‘i hududida ular Qozog‘iston va O‘zbekistonni bog‘laydigan 375 metr uzunlikdagi yerosti quvurini yotqizgan. 2024 yil avgust-dekabr oylarida u orqali 420,3 tonna AI-92 rusumli benzin noqonuniy tashilgan. Yoqilg‘ining umumiy qiymati 112 million tengeni (taxminan 200 ming dollar) tashkil etdi.

Sud hukmi bilan K. 15 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Boshqalar 13 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Ulardan 3 million tenge, 16 ming litr AI-92 benzini, shuningdek, ZIL va GAZ rusumli yuk mashinalari musodara qilindi.

Ta’kidlanishicha, hukm hali qonuniy kuchga kirmadi.

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi yerosti tunneli orqali neft mahsulotlari kontrabandasi kanali maxsus operatsiya davomida xavfsizlik kuchlari tomonidan yo‘q qilingan edi.

Qozog‘iston 2025 yil 29 martdan boshlab avtomobil va temir yo‘l transportida benzin va dizel yoqilg‘isini olib chiqishni 6 oy muddatga taqiqladi. Bu mamlakat ichki bozorida yoqilg‘i-moylash materiallari taqchilligining oldini olish maqsadida amalga oshirildi.

Mavzuga oid