O‘zbekiston | 10:19 / 23.08.2025
3204
3 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda zamonaviy san’at biyennalesi o‘tkaziladi

Birinchi Biyennale 2025 yil 5 sentabr – 20 noyabr kunlari bo‘lib o‘tadi.

«Xalqaro zamonaviy san’at biyennalesini yuqori saviyada o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori imzolandi.

Unga ko‘ra, 2025 yildan boshlab, har ikki yilda bir marta sentabr-noyabr oylarida Buxoro shahrida xalqaro zamonaviy san’at biyennalesi o‘tkaziladi.

Birinchi Biyennale 2025 yil 5 sentabr – 20 noyabr kunlari bo‘lib o‘tadi.

Biyennalening asosiy maqsadlari quyidagilar:

a) mamlakatimizda zamonaviy va amaliy san’at, hunarmandchilikni qo‘llab-quvvatlash hamda global madaniy makonga integratsiya qilish;

b) kreativ industriyada ta’lim, tadqiqot va kasbiy mahoratni rivojlantirish, yurtimiz vakillarining jahonga mashhur usta-ijodkorlar bilan hamkorligini yo‘lga qo‘yish orqali xalqaro darajaga olib chiqish;

v) yurtimiz turistik jozibadorligini oshirish, madaniy meros obektlarini san’at namoyishi maydonlariga aylantirish, muntazam qayta tashrif buyurishga bo‘lgan qiziqishni shakllantirish.

Biyennale doirasida quyidagilar amalga oshiriladi:

a) Biyennale o‘tkaziladigan 14 ta madaniy meros obektini ko‘rgazma va tadbirlar, ta’lim va tadqiqot, ijodiyot va ishlab chiqarish jarayonlari uyg‘unlashgan kreativ klasterga aylantirish;

b) jahonga mashhur usta-ijodkorlar tomonidan 60 tadan ko‘p art-obekt, shu jumladan, installyatsiyalarni yaratish, ulardan Biyennale o‘tkaziladigan joyni badiiy bezashda foydalanish va ularning eng munosiblarini dunyo bo‘ylab ko‘rgazmalarda namoyish etish;

v) dunyoga taniqli ijodkor, mutaxassis va oshpazlar ishtirokida keng jamoatchilik uchun 10 haftalik ilmiy-ma’rifiy, madaniy-ko‘ngilochar, sayyohlik va gastronomik dasturlarni tashkil etish;

g) birinchi Biyennale maxsus katalogi va o‘zbek milliy taomlari retseptlar kitob-albomini chop etish, ulardan xalqaro miqyosdagi targ‘ibot vositasi va sovg‘alar to‘plami sifatida keng foydalanish;

d) Buxoro Biyennalesi haqida hujjatli film yaratish, shuningdek, undan foydalanib mamlakatimizning sayyohlik salohiyatini targ‘ib qilish;

j) maxsus ta’lim dasturi asosida xalqaro darajadagi kuratorlarni tayyorlash hamda ularning jahonning yetakchi san’at maydonlarida O‘zbekiston nomidan ishtirok etishini ta’minlash; z) 30 nafardan ortiq xalqaro ekspert, kurator va san’atshunoslar ishtirokida xalqaro akademik simpoziumni o‘tkazish.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid