Turkiyaning birinchi xonimi Emine Erdo‘g‘an G‘azodagi gumanitar inqiroz yuzasidan AQSh birinchi xonimi Melaniya Trampga maktab yo‘lladi.

Amerika prezidentining rafiqasi avvalroq ukrainalik bolalar taqdiri haqida Rossiya prezidentiga xat yozgandi. Emine Erdo‘g‘an esa Melaniya Trampga yo‘llagan maktabida undan G‘azodagi vaziyatga ham befarq bo‘lmaslikka chaqirgan.

Turkiya prezidentining rafiqasi o‘z xatining kirish qismida oradan 6 yil o‘tgan bo‘lsa-da, Melaniya Tramp bilan Oq uydagi suhbatidan iliq xotiralari qolganini yozgan. Emine Erdo‘g‘anga ko‘ra, Melaniya Trampning Vladimir Putinga xat yozgani uning hozirgi voqealarga befarq emasligini ko‘rsatadi.

“O‘z xatingizda ta’kidlaganingizdek, bolalarning mehrli va xavfsiz muhitda ulg‘ayish huquqi – umumbashariy va shak-shubhasizdir. Va bu huquq biror bir geografik hudud, irqiy yoki etnik mansublik, diniy guruh yoki mafkuraning imtiyozi emas. Shunday ekan, mazlumlarni, bu huquqdan mahrum bo‘lganlarni qo‘llab-quvvatlash – eng avvalo insoniyat oldidagi ulkan mas’uliyatni ado etish demakdir. Ukrainadagi urushning halokatli oqibatlari sabab barbod bo‘lgan umrlar, ajralib ketgan oilalar va yetim bo‘lib qolgan bolalarga ayniqsa lider insonning rafiqasi sifatida siz namoyon qilgan dilgirlik – qalblarda umid uyg‘otadigan tashabbusdir”, – deya yozgan Emina Erdo‘g‘an.

“Sizning “ovoz chiqarib kulolmayotgan” ukrain bolalariga shodon kulgilarni qaytarish haqidagi iltimosingiz juda katta ahamiyatga ega. 648 nafar ukrainalik bolaning urush vaqtida halok bo‘lishi sizni qanchalik tashvishga solgan bo‘lsa, G‘azoda ikki yil davomida 62 ming begunoh tinch aholi, jumladan 18 ming bolaning vahshiylarcha o‘ldirilgani ham sizni undan-da ko‘proq tashvishlantirishiga ishonchim komil”, – degan o‘z xatida Turkiyaning birinchi xonimi.

Emina Erdo‘g‘an maktubining davomida G‘azo bo‘lgasi bemisl shafqatsizlik va zamonaviy dunyodagi eng ayanchli genotsid maydoniga aylanib qolganini yozadi.