Jamiyat | 11:03 / 03.09.2025
5151
4 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda keksa otasini moddiy ta’minlamagan farzandlar jinoiy jazoga tortildi

Ota 3 nafar farzandini sudga berdi. Farzandlar sud qarori bilan otasining ta’minoti uchun har biriga belgilangan oylik – 130 ming so‘m aliment pulini to‘lamay kelgan. “Turmush o‘rtog‘im vafotidan keyin farzandlarim meni yolg‘iz tashlab qo‘ydi. Axir men ularni tug‘ilganidan voyaga yetgunlariga qadar parvarishlaganman”, degan otaxon sudda.

Foto: iStock

Xorazmda keksa otasini moddiy ta’minlamagan uch farzandga oid jinoyat ishlari sudda ko‘rib chiqildi. Kun.uz sud hukmlari bilan tanishdi.

Sud hujjatlarida keltirilishicha, Bog‘ot tumanida yashovchi, 5 farzandning otasi bo‘lgan X.X. keksayganida qarovsiz qolgan. U 2023 yil iyul oyida fuqarolik ishlari bo‘yicha Shovot tuman sudiga farzandlaridan aliment to‘lovlari undirish haqida ariza bilan murojaat qilgan. Sud qarori bilan otaxonning moddiy ta’minoti uchun farzandlarining har biridan oylik 130 ming so‘m qat’iy summada to‘lov undirish belgilangan. Ammo bir o‘g‘li va ikki qizi ushbu aliment to‘lovini to‘lamay kelgan.

X.X. sudda turmush o‘rtog‘i vafotidan so‘ng farzandlari uni yolg‘iz tashlab qo‘yganini bildirgan.

O‘zlarining farzandlik burchlarini bajarmadi. Axir ularni tug‘ilganidan voyaga yetgunlariga qadar parvarishlab, tarbiyalab kelganman. Biroq shunday bo‘lishiga qaramasdan, meni keksaygan va sog‘lig‘im yomonlashgan bir davrda o‘z holimga tashlab qo‘yishdi”, degan otaxon sudda.

X.X.ning uch farzandi belgilangan alimentni to‘lashdan bo‘yin tovlab kelgan. Ular 2024 yil sentabr oyida ma’muriy jazoga tortilgan. Ammo moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan otasiga aliment to‘lashdan bo‘yin tovlashda davom etishgan. 2023 yil iyuldan 2025 yil 1 iyungacha bo‘lgan davrda ularning har birida 2 mln 721 ming so‘mdan to‘lanmagan aliment qarzdorligi yuzaga kelgan.

Ota suddan ushbu qarzdorlikni undirishda amaliy yordam so‘ragan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Bog‘ot tuman sudi hukmlariga asosan farzandlar Jinoyat kodeksining 123-moddasi (ota-onani moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. O‘g‘il farzand oylik ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosiga tortilgan. Ikki qiz farzandning har biriga esa Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llagan holda BHMning 20 baravari, ya’ni 7,5 mln so‘mdan jarima jazosi tayinlangan.

Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 123-moddasiga ko‘ra, voyaga yetgan shaxslarning mehnatga layoqatsiz va moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan ota-onani yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlashi, ya’ni ularni moddiy jihatdan ta’minlash uchun sudning hal qiluv qaroriga binoan undirilishi lozim bo‘lgan mablag‘ni jami bo‘lib ikki oydan ortiq muddat mobaynida to‘lamasligi shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Agar shaxs aliment majburiyatlari bo‘yicha qarzdorlikni to‘liq to‘lagan bo‘lsa, u javobgarlikdan ozod qilinadi.

Mavzuga oid