ShHTning yillik sammiti – prezident Trampning savdo siyosati va tariflari dunyoni bezovta qilayotgan bir sharoitda Tyanszinda tashkilot a’zolari o‘rtasida yaqinroq aloqalar bo‘lishi signallari bilan yakunlandi. Xitoy raisi endi Pekin global boshqaruvni qo‘lga olishiga shama qildi, AQSh siyosatidan nolidi.

20 dan ortiq davlatlarning rahbarlari sammitda jamlanarkan, G‘arbdan bu muloqotda hech kim yo‘q edi.

Ikki kunlik tadbir Pekinning AQShga qiyinchilik tug‘diruvchi yangi global xavfsizlik va iqtisodiy tartibni o‘rnatishga intilishini namoyish qilish sifatida ko‘rildi. Ayniqda, Xitoy raisi Si Szinpinning chiqishida Donald Trampning tarif kampaniyasiga qarshi kayfiyat yaqqol sezilib turardi. 

Biz global boshqaruv tizimini isloh qilishimiz va takomillashtirishimiz kerakki, barcha mamlakatlar odamlari global boshqaruvda ishtirok etsin, uning samarasini his etsin, insoniyat jamiyati oldida turgan umumiy muammolarga yaxshiroq javob bersin, shimol va janub o‘rtasidagi taraqqiyot tafovutini yaxshiroq bartaraf etsin va dunyodagi barcha davlatlarning umumiy manfaatlarini yaxshiroq himoya qilsin”.  

Xitoy raisi shuningdek, sovuq urush mentaliteti va zo‘ravonlik haliyam yo‘qolmay, muammolarni ko‘paytirayotganini qo‘shimcha qildi.

U dunyoda adolatliroq va muvozanatli xalqaro boshqaruv tizimini yaratish uchun birlashishga chaqirdi, buning bilan Si Szinpin G‘arb demokratiyasi va global gegemonligi o‘xshamadi, endi navbat Xitoyga, mas’uliyatni biz bo‘ynimizga olamiz, demoqchi bo‘ldi. 

Sammitda e’tiborga olish kerak bo‘lgan jihatlar talaygina: birinchisi, Xitoy va Hindiston. Narendra Modi 7 yildan keyin birinchi marta Xitoyga bordi. Vashington-Dehli munosabatlaridagi turg‘unlik onida Xitoy Hindistonga raqiblik emas, balki hamkorlikni taklif qilmoqda.

Dunyoning eng ko‘p aholisiga ega ikki davlat qariyb 3 mlrd odami bilan o‘zaro yaxshi dialogdan umidvor. Modi va Szinpin ancha yillik chegara muammolarini tez yechish tarafdori bo‘lib turibdi. Ikki davlatni umumiy dushman birlashtirmoqda, bu – Donald Tramp. Chunki Xitoy va Hindiston Tramp savdo siyosati o‘laroq zarar ko‘rayotgan ikki katta hamkor. 

Osiyo jamiyati siyosati instituti vitse-prezidenti Vendi Katlerga ko‘ra, Trampning yuqori tariflari hamda savdo urushi ikki raqibni shirin so‘zlashga majbur qilmoqda. Modi va Si barcha diplomatik so‘zlarini yangi majburiyati uchun gapirdi, deydi Katler.