Shanhay Hamkorlik Tashkiloti – Xitoyning ham geosiyosiy, ham iqtisodiy, ham xavfsizlik manfaatlarini o‘zida birlashtirgan eng katta loyihasi. Dunyoning ikkinchi qudratiga aylangan Pekin AQSh boshchiligidagi G‘arbga muqobil o‘z klubini shakllantirishga erishdi.

So‘nggi kunlarda dunyoning, ayniqsa, G‘arb davlatlarining nigohi Xitoy Xalq Respublikasida bo‘ldi. Xitoydagi yoki uning ishtirokidagi har qanday ikki taraflama, mintaqaviy yoki ko‘p taraflama uchrashuvlarni ayniqsa AQSh alohida sinchikovlik va rashk bilan kuzatadi. Sababi oddiy. Sovuq urush tugab, SSSR qulagach, ma’lum muddat dunyoda bir qutblilik hukm surdi. Vashingtonning aytgani aytgan, degani degan bo‘ldi. Bu vaqtda AQShni tiyib turuvchi, so‘roqqa tutuvchi na davlat bo‘lmadi, na xalqaro tashkilot. Biroq bu vaziyat u qadar ko‘p cho‘zilmadi. 2000-yillarga kelib, AQShning global hokimiyati asta-sekinlik bilan, lekin sezilarli darajada qisqarib boshladi.

Ayniqsa, 2008-2009 yillarda yuz bergan moliyaviy-iqtisodiy inqiroz, Afg‘oniston va Iroqdagi muvaffaqiyatsizliklar fonida AQShning global hokimiyati torayib boshladi. Hozir ham AQSh dunyoning eng katta iqtisodiyoti va harbiy qudrati. Masala shundaki, bugun AQSh tezda zaiflashmayapti, balki boshqa davlatlar tezroq rivojlanmoqda va shuning hisobiga AQShning iqtisodiy va harbiy qudrat ulushi torayib bormoqda.

Xitoy Xalq Respublikasi – dunyoda ko‘p qutblilikning eng markaziy ijrochi davlati hisoblanadi. Rasmiy Pekin – bugun dunyoning ikkinchi iqtisodiy va harbiy qudrati hisoblanadi. Shu sabab, Pekin ishtirokidagi har qanday xalqaro forum – G‘arbning alohida e’tiborida bo‘ladi. Ayniqsa, AQSh hokimiyatida Tramp bo‘lgan, Vashingtonning yaqin qo‘shnilari, asosiy iqtisodiy hamkorlari va an’anaviy inttifoqchilari bilan munosabatlari chuqur inqiroz ostida bo‘lgan bugungi kunda rasmiy Pekinning har qanday tashabbusi, loyihalari – dunyo tartibotini o‘zgartirish prizmasi orqali qabul qilinadi.

Shanhay Hamkorlik Tashkiloti bugun u yoki bu shaklda 34 davlatni birlashtiradi. 10 davlat to‘laqonli a’zo, yana 14 davlat dialog bo‘yicha hamkorlar, 2 davlat kuzatuvchi maqomida va yana 8 davlat kuzatuvchilik maqomini olish uchun ariza bergan. Jami – 34 davlat. ShHTga a’zo davlatlarning umumiy aholisi 3,5 milliardni, ya’ni dunyo aholisining salkam yarmini tashkil qiladi. ShHTga a’zo davlatlarning umumiy iqtisodiy salohiyati – dunyo yalpi ichki mahsulotining chorak qismidan ko‘prog‘iga teng.

ShHT – xavfsizlik, iqtisodiy, ijtimoiy sohalarda davlatlar tafakkuri va fikrlashini yo‘naltiruvchi tashkilot hisoblanadi. ShHT – harbiy blok emas, lekin davlatning siyosatini belgilab berishda muhim klub rolini o‘ynamoqda.