Falastinliklar guruhi besh nafar a’zosi, jumladan, Hamasning G‘azo sektoridagi rahbari Xalil al-Hayyaning o‘g‘li halok bo‘lganini, ammo rahbariyat a’zolari omon qolganini ma’lum qilgan. Shu bilan birga, Hamas yetakchilarining o‘zi hozircha bayonot berishmadi.

Qatar AQShning Yaqin Sharqdagi muhim ittifoqchisi hisoblanadi. Shu bilan birga, u 10 yildan ortiq vaqt davomida Hamasning siyosiy rahbariyatiga boshpana berib kelmoqda va Vashington bilan birgalikda G‘azodagi urushni tinch yo‘l bilan hal qilishga urinishda vositachilik rolini bajarmoqda.

Nimalar bo‘ldi?

Seshanba kuni Qatar poytaxti Dohada bir nechta portlash ovozlari eshitildi va shahar uzra qora tutun ko‘tarildi.

Isroil mudofaa kuchlari 7 oktyabr kuni Isroilga uyushtirilgan hujumlar uchun bevosita javobgar bo‘lgan Hamas rahbariyatiga zarba berganini ma’lum qildi. Amaliyot Isroil xavfsizlik va kontrrazvedka xizmati (ShABAK) bilan hamkorlikda o‘tkazilgan.

«Zarba berishdan oldin tinch aholi orasida zararni minimallashtirish, jumladan, yuqori aniqlikdagi qurollar va qo‘shimcha razvedka ma’lumotlaridan foydalanish choralari ko‘rildi», – deyiladi bayonotda.

Keyinroq Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu Dohaga zarba berilganini tasdiqlab, uni Isroilning «mustaqil operatsiyasi» deb atadi.

«Hamas terrorchilik tashkiloti yetakchilariga qarshi bugungi harakatlar Isroilning to‘liq mustaqil operatsiyasi edi. Uni Isroil boshladi, Isroil amalga oshirdi va Isroil to‘liq mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi», – deydi Netanyahu.

OAV ma’lumotiga ko‘ra, Isroil zarba haqida Qatar hukumati va AQShni xabardor qilgan. Isroilning 12-kanali ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp operatsiyani o‘tkazish uchun «yashil chiroq» yoqqan. Qatar TIV vakili esa mamlakat oldindan ogohlantirilmaganini aytdi.

Hamasdagi yuqori martabali manbaning Al Jazeera telekanaliga ma’lum qilishicha, harakat yetakchilari Dohada AQSh prezidenti Donald Trampning G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish taklifi muhokama qilishga yig‘ilganida hujumga uchragan.

Ikki kun oldin Tramp guruhga «so‘nggi ogohlantirish» bergandi.

«Men Hamasni [kelishuvdan] voz kechish oqibatlari haqida ogohlantirdim, – deb yozdi Tramp o‘zining Truth Social platformasida. – Bu mening oxirgi ogohlantirishim, boshqacha bo‘lmaydi!»