Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
"O‘lib qolmaslik uchun tarvuz po‘choqlari yedim": Surxondaryoning Uzunidagi dahshatli voqea tafsilotlari
Bu hodisa o‘rmon qonunlari amal qiladigan jamiyatda emas, biz yashab turgan mamlakatda sodir bo‘ldi. Ayol og‘ir bosimlar ostida farzandini uy sharoitida dunyoga keltirgach, bola undan olib qo‘yildi va o‘zi molxonaga qamaldi. Ochlikdan o‘lmaslik uchun tarvuz po‘choqlari, mollar uchun tashlangan mahsulot qoldiqlariyu chiqindilarni yeb, jon saqladi.
Voqealarning to‘liq tafsilotini videoda tomosha qiling.
Surxondaryo viloyati Uzun tumanida kuzatilgan aqlga sig‘mas holat – bir necha haftalab molxonada saqlangan ayol voqeasi. U farzandini dunyoga keltirgach, og‘ilxonaga qamalgan va ochlikdan o‘lmaslik uchun tarvuz po‘choqlari hamda boshqa mahsulotlarning qoldiqlarini iste’mol qilib jon saqlagan. Kechagina farzandini dunyoga keltirgan ayol ayovsiz kaltaklangan. Ayol topilgan vaqtda uning holati qo‘rqinchli edi.


Kun.uz jurnalisti voqea joyida bo‘lib, molxonada saqlangan ayol voqeasini o‘rgandi. U qaysi sabab bilan bu xonadonga kelib qolgani, dahshatli kunlari, mahalladan yashirilgani, bu sir qanday qilib fosh bo‘lgani haqida hikoya qilamiz. Biz ayol va bolasining hozirgi holati, voqea guvohlari, mas’ullar hamda o‘sha mudhish xonadonda bo‘lib, gumondorlar bilan muloqot qildik.
U ayol kim edi?
Obizarang mahallasi xotin-qizlar faoli Mohira Ernazarova ayol bu xonadonga qanday qilib kelib qolgani, mahalladan yashirilgani va sir qay holatda fosh bo‘lganini aytib berdi.


Ernazarovaning aytishicha, joriy yilning yanvar oyida xatlov o‘tkazilgan. O‘sha xonadonga borilganida u yerda yashovchilarning hujjatlari olingan. Tasodifan o‘sha jabrlangan ayolning hujjati mahalla mas’ullari qo‘liga tushgan (bu ayol Sariosiyo tumanida tug‘ilgan). Tabiiyki, uning kimligi bilan qiziqishganida oila a’zolari “kelinimiz” deb aytishgan. Qayerdaligi so‘ralganda, xonadon egasi Ziyoda Ashurova o‘g‘li Ashur Shamsiyev bilan Toshkentga ishlagani ketganini aytgan. Keyinchalik ham bir necha marta shu holat takrorlangan. Har safar u Toshkentda ekanini iddao qilib, mahalladan so‘rab keluvchilarga ko‘rsatilmagan.
Oxirgi safar 26 avgust kuni kechqurun qo‘shnilar bu xonadonda shovqin bo‘layotganidan yana arz qilishgan. Mohira Ernazarova mahalla profilaktika inspektori va yoshlar yetakchisiga bu haqda xabar bergan.
Uni molxonada saqlashayotgandi...
Obizarang mahallasi yoshlar yetakchisi Murodbek Abdurashidovning aytishicha, ular yetib borishganida darvoza tirqishidan hovlida chaqaloq kiyimlari ilinib turganini ko‘rishgan. Bu uyda chaqaloq tug‘ilgani haqida eshitmagan mahalla vakillarida shubha paydo bo‘lgan. Ancha vaqtdan keyin uy egalari eshikni ochgan. Chaqaloq kiyimi ortidan shubhaga borib uyni ko‘zdan kechirishga qaror qilishgan.

Uydan chaqaloqni topishganida xonadon egalari tahlikaga tushib qolgan. Keyin barcha xonalarni, hovlini ko‘zdan kechirish boshlangan. Molxona eshigi sim bilan o‘rab tashlangan edi. Mahalla vakillari eshikni ochib kirishganida, yalang‘och holatda yotgan begona ayolga ko‘zlari tushgan. U xonadonda yashovchi Qurbonoy Shamsiyeva og‘zini yopib, ovoz chiqarishiga yo‘l qo‘ymayotgan holatda bo‘lgan. Noma’lum ayol juda ozg‘in, ko‘plab jarohatlar bilan holsiz holatda topilgan.
Ayanchli holatda topilgan ayol va uning besh oylik farzandi tezlik bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Surxondaryo viloyati IIBga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 126-1-moddasi 7-qismi “a, ye” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ishga aloqador bo‘lgan oilaning uch nafar a’zosi protsessual tartibda qamoqqa olingan.
Chaqaloq tug‘ilgani sir saqlangan
Biz mudhish voqea sodir bo‘lgan xonadonda bo‘lib, ayni paytda uy qamog‘ida saqlanayotgan Ziyoda Ashurova bilan suhbatlashdik.

Onaxonning aytishicha, ayol bu uyga homilador holatida olib kelingan. “Borar joyi bo‘lmagani uchun shu yerda qolishni istadi”, deydi u. “Bolasini ham shu yerda dunyoga keltirdi. Uni urganim yo‘q, yonimda olib yotdim. Biz bilan birga yashab, biz bilan ovqatlandi”, deb iddao qilmoqda.

Nega ayol mahalladan yashirilgani, uning homilador ekani, farzandini bu uyda dunyoga keltirishga majbur bo‘lgani haqidagi savollarimizga javoban: “Ayolning o‘zi buni aytmasligimizni xohladi”, deya javob berdi. U ayol qiynoqqa solingani va kaltaklanganini inkor etdi.
Kameraga aytishni istamagan guvohlarning ma’lum qilishicha (tergov ketayotgani sababli OAVda lavha sifatida tarqatilmagan, oshkor qilish mumkin bo‘lmagan), haqiqatda Ashur Shamsiyev Gulnorani molxonada ayovsiz kaltaklayotgani aks etgan. Ayolning bosh qismiga qandaydir jism bilan bir necha marta zarba bergan. Ayanchli jihati, bu tasvirlar oilaning voyaga yetmagan bir a’zosi tomonidan suratga olingan.
Bu kabi ziddiyatli holatlarga tergov-surishtiruv harakatlari davomida, albatta, aniqlik kiritiladi.
Ularning taqdiri nima bo‘ladi?

Uzun tumani oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Zamira Mirzayevaning aytishicha, Gulnora shifoxonadan chiqqanidan so‘ng Surxondaryo viloyati ayollarni reabilitatsiya qilish markaziga yuboriladi. U yerda ijtimoiy-psixologik yordam ko‘rsatiladi. Shundan so‘ng ayol Sariosiyo tumanida ro‘yxatda turgani sababli ushbu tumandagi ijtimoiy uylardan biriga joylashtiriladi.
Ayni paytda tuman hokimligi tomonidan zarur moddiy-ma’naviy yordam ko‘rsatilmoqda, dori-darmonlar bilan ta’minlanmoqda.

Shifokor Saida To‘ralovaning aytishicha, ayol shifoxonaga olib kelinganda yuz va bosh qismlarida ko‘plab jarohatlari bo‘lgan. Shuningdek, ochlik sababli juda ozib ketgan holatda edi. Zarur tibbiy muolajalardan so‘ng uning ahvoli ancha yaxshilangan. Hozir muloqot qilib, savollarga javob bermoqda. Farzandining ham holati yaxshi, onasi bilan istalgan vaqtda uchrashib turibdi.
“Tarvuz po‘choqlarini yedim...”
Gulnora Xoliqovaning aytishicha, Mohira Shamsiyeva “ukam Ashurga olib beraman”, deb uni uyga boshlab kelgan. Biroq hech qanday nikohdan o‘tilmagan. Ayol o‘sha xonadonga kelganida olti oylik homilador bo‘lgan. Farzandini ham o‘sha uyda dunyoga keltirgan va bosim bilan uyda saqlab turilgan.


Bolasi tug‘ilganidan ikki kun o‘tib, bolani olib qo‘yishgan. O‘zi kaltaklangan, zo‘rlangan va och qoldirilgan. Ochlikdan o‘lmaslik uchun og‘ilga tashlangan tarvuz po‘choqlari va mollarga tashlanadigan qoldiqlarni yeb jon saqlagan.
Uning aytishicha, bu oiladagilar bolani o‘zlariga olib qolishni istashgan.
Dahshatli kunlarni boshidan o‘tkazgan Gulnora Xoliqovaning Sariosiyo tumanida yaqinlari, qarindoshlari yashaydi. U shifoxonadan chiqqanidan so‘ng qarindoshlari olib ketishiga ishonmoqda. Farzandini esa o‘zi katta qilmoqchi ekanini aytmoqda.
Xulosa
XXI asr O‘zbekistonida molxonadagi ayol va uning chaqalog‘i. Buni eshitib ham ishonmaslik mumkin. Surishtiruvimizni quyidagi savollar bilan yakunlaymiz:
Biz jamiyat o‘laroq qachon mana shunday holatga kelib qoldik? Shunchalik vahshiy odamlarga aylandikmi? Bu kabi “ssenariy”lar yana qaysi uyda, qaysi qishloqda kutib turibdi? Yana qayerlarda Gulnoralar qiynoq va azobga solinmoqda?
Mana shunday savollarga bugun javob topmasak, ertaga bu dahshat yana takrorlanishi hech gap emas.
Isomiddin Po‘latov, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov.
Mavzuga oid
19:12 / 24.11.2025
O‘zbekistonda ayollarga nisbatan raqamli zo‘ravonlikka barham berish bo‘yicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
08:36 / 19.11.2025
Angrenda zo‘ravonlikka uchragan qiz bo‘yicha jinoyat ishi sudda ko‘rilmoqda
16:41 / 13.11.2025
Ohangaronda erkak do‘konga qurol bilan bostirib kirib, sotuvchiga tahdid qildi
11:34 / 25.10.2025