O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Rossiya Ukrainaning yerlarini talab qilmoqda – Vens

AQSh vitse-prezidenti Jyeyms Vensning aytishicha, Rossiya Ukrainaga hududiy talablar qo‘ygan va hozir Kiyev nazorati ostida bo‘lgan taxminan 6 ming kvadrat kilometr maydonga da’vogarlik qilmoqda. Bu haqda u One America News telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

«Ruslar taxminan 6 ming kvadrat kilometr maydonni xohlayapti, ular hali harbiy kuch bilan bosib olinmagan. Ruslar shuni istayapti», dedi u.

Shu bilan birga, Vens prezident Donald Tramp agar Ukrainadagi mojaro hal qilinsa, Rossiya bilan yaqinroq iqtisodiy hamkorlikka erishish niyatida ekanini aytdi. «Rossiya sizga yoqadimi yoki yo‘qmi, ularning mojaro haqidagi dalillariga qo‘shilasizmi yoki yo‘qmi, oddiy fakt bor: ularda ko‘p neft, ko‘p gaz, ko‘p mineral resurslar bor», deb ta’kidladi Vens.

Avvalroq Kreml bundan boshqa talablarni ham ilgari surgani xabar qilingandi: 2022 yilda anneksiya qilingan hududlardan Ukraina qo‘shinlarini olib chiqish, NATOga qo‘shilishdan bosh tortish, Qrimni Rossiya hududi sifatida tan olish. Agar shartlar qabul qilinmasa, Rossiya harbiy harakatlarni davom ettirishga va’da bergan.

Isroil Yamanga hujum qildi

Isroil chorshanba kuni Yaman poytaxti Sana va shimoldagi al-Javf viloyatini nishonga oldi. Husiylar sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hujumlarda 35 kishi halok bo‘lgan, 131 kishi jarohatlangan.

Bu zarbalar G‘azodagi urush oqibatida kengaygan Isroil va Yaman husiylari o‘rtasidagi hujum va qarshi hujumlar silsilasining navbatdagisi bo‘ldi. Isroil armiyasi harbiy lagerlar, husiylarning yonilg‘i omborini nishonga olganini bildirdi.

Husiylar vakili esa keyinchalik bayonot berib, Isroilning zarbalari sof fuqarolik obektlariga qaratilganini bildirdi. Unga ko‘ra, ikki gazeta tahririyati hujum ostida qolgan, natijada jurnalistlar va yo‘lovchilar halok bo‘lgan yoki jarohatlangan. Lekin u raqamlarni keltirmadi.

Sana aholisi Reutersʼga bergan ma’lumotiga ko‘ra, hujum ikki tog‘ orasida joylashgan va qo‘mondonlik markazi sifatida ishlatiladigan maskanga qaratilgan bo‘lishi ehtimoli katta.