Iqtisodiyot | 10:07 / 11.09.2025
3915
3 daqiqa o‘qiladi

Isroilning Dohaga hujumi fonida neft narxlari biroz ko‘tarildi

Isroilning Qatar hududidagi Hamas yetakchilariga hujumi va AQSh prezidenti Donald Trampning Rossiya neftini xarid qiluvchilarga nisbatan jiddiy tarif choralarini qo‘llash haqidagi bayonoti global energiya bozorida keskinlikni kuchaytirdi.

Foto: REUTERS/Dado Ruvic

Bu voqealar fonida Brent markali neft narxi 0,53 foiz, West Texas Intermediate (WTI) esa 0,57 foizga o‘sdi, deb yozmoqda Reuters nashri.

Dastlab narxlar qariyb 2 foizgacha ko‘tarildi, biroq keyinchalik narx oshishi biroz pastladi va savdo yakunida o‘sish +0,5–0,6 foiz atrofida qayd etildi.

Shunga qaramay, bozor ishtirokchilari ehtiyotkor bo‘lib qolmoqda. Chunki global iqtisodiy vaziyatning zaifligi hamda markaziy banklarning foiz stavkalari siyosati neft narxlarining barqaror ko‘tarilishiga to‘sqinlik qilmoqda.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, agar geosiyosiy keskinlik davom etsa va AQSh tarif siyosati yanada qat’iylashsa, bozor keskinroq tebranishlarga duch kelishi mumkin.

Boshqa joylarda ham geosiyosiy taranglik kuchaydi: chorshanba kuni Polsha G‘arbiy Ukrainaga qaratilgan keng ko‘lamli Rossiya hujumi chog‘ida dronlarni urib tushirdi. Bu — NATO a’zosi ilk bor urush davomida o‘q uzgan holat bo‘ldi. Biroq darhol neft yetkazib berishda uzilish xavfi kuzatilmadi.

Tahlilchilar agar real ta’minot uzilishi xavfi bo‘lmasa, geosiyosiy tarangliklar narxga ta’sir qilmasligini aytmoqda.

Shu bilan birga, AQSh prezidenti Donald Tramp Yevropa Ittifoqini Xitoy va Hindistonga 100 foizlik tarif joriy etishga chaqirdi. Manbalar bu qarorni Rossiya prezidenti Vladimir Putinga bosim o‘tkazish strategiyasi sifatida izohladi. Xitoy va Hindiston Rossiya neftining eng yirik xaridorlari bo‘lib, Rossiya 2022 yilda Ukrainaga bostirib kirganidan buyon budjetini to‘ldirishda muhim rol o‘ynab kelmoqda.

Treyderlar Federal rezerv 16–17 sentabr kunlari bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishida foiz stavkalarini pasaytirishini kutmoqda. Bu iqtisodiy faollikni rag‘batlantirishi va neftga talabni oshirishi mumkin.

Ammo ta’minot istiqbollari hanuz salbiy. AQSh Energetika axborot boshqarmasi ogohlantirishicha, OPEC+ ishlab chiqarishni ko‘paytirgani bois, global zaxiralar o‘sib borayotgan sharoitda, xom neft narxlari yaqin oylar ichida sezilarli bosim ostida bo‘ladi. Manbalarga ko‘ra, o‘tgan haftada AQShda xom neft, benzin, dizel va kerosin mahsulotlari zaxiralari oshgan. 

Mavzuga oid