2025 yil 7 sentabr. Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanidan bo‘lgan Vohidjon Qo‘rg‘onov o‘zining Spark mashinasida 15 yoshli qizi va ToshMIda tahsil olayotgan qarindoshi bilan Toshkentga ketayotgandi. Mashina temiryo‘l kesishmasiga kelib to‘xtadi. Shu vaqtda boshqaruvni yo‘qotgan sement tashuvchi yuk mashinasi mashinalarga kelib urildi. YTHda 11 kishi, jumladan, Vohidjon Qo‘rg‘onov boshqaruvidagi Spark mashinasida bo‘lganlarning barchasi halok bo‘ldi. Kun.uz muxbiri marhumlarning yaqinlari bilan suhbatlashdi.

Joriy yil 7 sentabr kuni soat 12:20 atrofida Toshkent viloyati Angren shahri hududidan o‘tgan A-373 «Toshkent-O‘sh» xalqaro avtomobil yo‘lida A.R. boshqaruvidagi sement tashuvchi Shacman yuk mashinasi boshqaruvni yo‘qotib, temiryo‘l kesishmasida to‘xtab turgan bir nechta avtotransport vositalari bilan to‘qnashgan holda yo‘l transport hodisasini sodir etgandi. Mudhish hodisada Spark haydovchisi, mashinada bo‘lgan qizi va qarindoshi voqea joyida halok bo‘lgan.

Manzilga yeta olmagan sog‘inch

4 farzandning otasi bo‘lgan 47 yoshli Vohidjon Qo‘rg‘onov asli Farg‘ona viloyatining Buvayda tumani Xonobod qishlog‘idan bo‘lgan. To‘ng‘ich qizi poytaxtdagi oliygohlardan biriga talabalikka qabul qilingandan keyin oila a’zolari maslahatlashib, Toshkentda yashashga qaror qilishadi. Ular Sergeli tumanining Choshtepa mahallasidan ijaraga uy olishadi.

Vohidjon taksichilik, turmush o‘rtog‘i esa chevarchilik bilan shug‘ullana boshlaydi. O‘zlari bilan birga ikki qizi va o‘g‘lini ham poytaxtga olib ketishadi. Qishloqda faqat 15 yoshli qizi Mashhura qoladi. O‘sha mash’um kunda marhum Vohidjon Qo‘rg‘onov onasini sog‘ingan kenja qizi va uylanganiga endigina bir oy bo‘lgan Toshkent tibbiyot akademiyasining magistratura bosqichiga qabul qilingan qarindoshi A’zamjon Ibrohimovni olib ketayotgan bo‘lgan.

Tohirjon Qo‘rg‘onov va Rahmatillo Odiljonov, marhum Vohidjon Qo‘rg‘onovning akasi va o‘g‘li

“Angrendagi fojiada ukam, jiyanim va qarindoshimdan ayrildim. Ukamning qizlari poytaxtda o‘qishardi. Kelinoyim chevarlik, Vohidjon taksichilik qilib tirikchilik o‘tkazishardi. O‘sha kuni mashinada ukamdan tashqari kichkina jiyanim 15 yoshli Mashhuraxon, bojasining ToshMIda o‘qiydigan o‘g‘li A’zamjon bo‘lgan. A’zamjon ham o‘qishni bitirib, magistraturaga kirgan edi. O‘qishga ketayotgan bo‘lgan sho‘rlik.