Sport | 10:28 / 16.09.2025
4434
3 daqiqa o‘qiladi

Elit OChL. «Nasaf» safarda amaldagi chempionga alamli tarzda yutqazdi

Qarshiliklar birinchi bo‘limdagi ikki gol ustunligini boy berishdi.

Foto: Nasaf matbuot xizmati

Elit Osiyo Chempionlar Ligasi, 1-tur
15 sentabr, dushanba
«Al-Ahli»  «Nasaf» 4:2
Gollar: 
Enso (65, 68), Mahrez (90+4), Sulaymon (90+15)  Norchayev (34, 41).
«Al Ahli»: Mendi, al-Buraykan (Sulaymon, 46), al-Johani (al-Shamat, 62), Dams, Merih Demiral (Gonsalvesh, 46), Ibanes, Mahrez, Majrashi (Atangana, 62), Kessi, Enso Miyo (Abdulrahmon, 84), Ayven Touni.
«Nasaf»: Ne’matov, Davronov, G‘aybullayev, Rahmatov (Cheran, 65), Norchayev (Yusuf Otubanjo, 84), Cholovich (Abdirahmatov, 65), Golban, Bahromov, Nasrullayev, Bozorov (Muhitdinov, 75), Eshmurodov (Siddiqov, 84).

15 sentabr kuni Qarshining «Nasaf» klubi Elit Osiyo Chempionlar Ligasidagi ishtirokini boshladi. 1-tur doirasida turnirning amaldagi chempioni «Al-Ahli»ga qarshi o‘yin Jiddadagi «King Abdulla Sport Siti» stadionida bo‘lib o‘tdi va unda mezbonlar 4:2 hisobidagi irodali g‘alabani qo‘lga kiritdi.

O‘yinning 34-daqiqasida Husayn Norchayev mezbonlar himoyasidagi qo‘pol xatodan foydalanib, hisobni ochdi, tanaffus arafasida esa dublni rasmiylashtirdi.

Saudiyaliklar ustozi almashtirishlar amalga oshirdi va bu o‘z foydasini berdi. Ikkinchi bo‘lim mezbonlar ustunligida boshlandi. 65-daqiqada Abduvohid Ne’matov to‘pga chiqishda qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi va Enso Miyo uzoq masofadan bo‘sh qolgan darvozani ishg‘ol etdi. Oradan 3 daqiqa o‘tib, Enso ikkinchi golini urib, hisobni tenglashtirdi.

O‘zbekiston jamoasi durang hisobni ham ushlab qololmadi. O‘yinning qo‘shimcha daqiqalarida dastlab Riyoz Mahrez o‘ng qanotdan «Nasaf» jarima maydoniga kirib borib, o‘z uslubida gol urdi — 3:2. 90+13-daqiqada esa Alibek Davronov so‘nggi umid foli uchun qizil kartochka olib, maydonni erta tark etdi. Bir kishi ko‘p bo‘lib harakat qilgan «Al-Ahli» 90+15-daqiqada «Nasaf» darvozasiga to‘rtinchi golni ham urdi.

Endi «Nasaf» OChL doirasidagi navbatdagi o‘yinini o‘z maydonida Saudiya Arabistonining boshqa bir jamoasi — «Al-Hilol»ga qarshi o‘tkazadi. Mazkur bellashuv 29 sentabrga belgilangan.

Mavzuga oid