Jamiyat | 14:17 / 21.09.2025
26248
5 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda haydovchilar yo‘l talashishi oqibatida mashina salonidagi ayolning homilasi tushib qoldi

Toshkent shahri IIBB ma’lumotiga ko‘ra, BYD avtomobilidagi ota va o‘g‘li Gentra oynasini sindirib, haydovchiga hujum qilgan. Jabrlanuvchi haydovchining salonda turmush o‘rtog‘i homilasini yo‘qotgan. Zo‘ravonlarga nisbatan jinoyat ishi ochildi.

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri Muqimiy ko‘chasidagi yo‘l o‘tkazgich ustida BYD avtomobili Chevrolet Gentra yo‘lini to‘sib, haydovchilar o‘rtasida janjal chiqqani aks etgan video tarqaldi.

Videoda BYD haydovchisi otasi bilan birgalikda Gentra haydovchisiga hujum qilgani aks etgan. Hujumga uchragan haydovchining homilador rafiqasi u bilan ketayotgan bo‘lgan. Xabarlarda hodisa oqibatida homilador ayol bolani yo‘qotgani aytilgan.

Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi video bo‘yicha o‘rganish ishlari olib bordi va voqea tafsilotlarini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Yakkasaroy tumani Muqimiy ko‘chasida Gentra haydovchisi BYD haydovchisi bilan yo‘l talashishi tufayli janjal yuzaga kelgan.

«O‘ng polosada ketayotgandim, chap polosaga o‘tmoqchi edim, povorotni yoqib, chap polosaga o‘tdim. Orqamdan BYD kelayotgandi, unga xalaqit bermagandim, bemalol holatda ketayotgandim. Keyin BYD orqamdan kelib, signal chalib, vahima qilishni boshladi. Signal chalib tashladi. Shu holatda xotinim homilador, mazasi bo‘lmay qoldi. Xotinim sekinroq yuring, dedi, sekinlashdim. Lekin BYD vahima qilib yana orqamdan tirashni boshladi. O‘sha holatdan keyin mashinani o‘ngga oldim. Keyin kelib yo‘limni to‘sib oldi», – dedi Gentra haydovchisi.

Haydovchining so‘zlariga ko‘ra, shundan so‘ng BYD haydovchisi otasi bilan mashinadan tushib, Gentra oynalarini sindirgan va haydovchisini do‘pposlagan.

«Xotinim homilador desam ham, yana kelib uryapti. Uning aytishicha, men uni siqib qo‘yibman. Hech qanday siqishli holat bo‘lmagan u yerda. Agar men uni siqib qo‘ygan bo‘lsam, ming bor uzr, deb ketardim. To‘g‘ri kelib urib ketyapti. Imkon bermadi gapirishga», – deya qo‘shimcha qildi jabrlanuvchi.

Boshqarma xabarida BYD haydovchisi yo‘l harakati qoidalarini buzib, Gentra yo‘lini to‘sib, sun’iy ravishda tirbandlik keltirib chiqargani, mashina oynasini tepib sindirib, haydovchiga qo‘l ko‘targan, so‘kib, haqorat qilgani qayd etilgan.

«Muqimiy ko‘prigiga chiqishda ozgina siqib qo‘ydi. Oqibatda ozgincha kelishmovchilik yuzaga kelib chiqdi. Mashinada ayol kishi borligini bilmagan edim. Ayollaridan ham, oilalaridan ham, O‘zbekiston xalqidan ham, hammanglardan uzr so‘rayman. Jahl ustida bunaqa ish qilmanglar. Qilgan ishimdan afsusdaman. Jahl ustida noto‘g‘ri ish qilib qo‘ydim, bilmasdan», – deydi BYD haydovchisi.

Uning janjalga qo‘shilgan otasi Gentra haydovchisining harakatlarini haqorat sifatida qabul qilgani, o‘g‘lidan ko‘ra o‘zining aybi ko‘proqligini tan olib, jabrlanuvchi oiladan uzr so‘rashini bildirgan.

IIBBga ko‘ra, Gentra haydovchisining rafiqasi hammadan ham ko‘proq jabr ko‘rgan – voqea sodir bo‘lganidan so‘ng uning homilasi nobud bo‘lgan.

«Ayolimning ham qo‘llari shishgan. Qoshiga ham qandaydir qattiq holatda zarba bo‘lgan, bilmayman. Ko‘karish yo‘q, lekin og‘riyapti. Homilasi tushgan. Uning hozirgi holati yaxshi emas. Xotinimdan tashqari uydagilar ham yaxshi emas, chunki stressli holat bo‘lgan… », deydi Gentra haydovchisi va qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Holat yuzasidan Yakkasaroy tumani IIB tomonidan ota va bolaga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar ushlangan.

Olib borilgan tergov harakatlari davomida jabrlanuvchining homilasi tushgani aniqlangani sababli uning tushish sabablarini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan. Tergov jarayonida ekspertiza xulosasi natijasiga ko‘ra gumonlanuvchilarning harakatlariga qo‘shimcha huquqiy baho beriladi. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Mavzuga oid