Jamiyat | 10:32 / 25.09.2025
15127
8 daqiqa o‘qiladi

“Uchastka noziri mast holda mashinasida otamni urib o‘ldirdi” – Furqatdagi YTH tafsiloti

Farg‘ona viloyati Furqat tumanidagi Karmak mahallasi uchastka noziri Zafar Qo‘shmatov mast holda mashina boshqarib, YTH sodir qildi: u tumanning Bekobod mahallasi hududida velosipedda ketayotgan 63 yoshli fuqaroni urib yuborib, voqea joyidan qochib ketgan. Voqeadan xabar topgan uchastka nozirining otasi dala chetidagi ariqda yotgan fuqaroni shifoxonaga olib borib, uni ko‘chadan hushsiz topib olganini aytgan. Jabrlanuvchi tez tibbiy yordam bo‘limiga olib kelinganida jonsiz bo‘lgan. 

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Furqat tumanida inson o‘limi bilan bog‘liq YTH sodir bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha, Karmak mahallasi uchastka noziri Zafar Qo‘shmatov mast holda mashina boshqarib, 63 yoshli No‘monjon Ahmedovni urib yuborgan. Otaxon og‘ir tan jarohati olib, vafot etgan. Marhumlar yaqinlari Kun.uz muxbiriga voqea tafsilotini gapirib berdi.

“Birinchi yordam ko‘rsatmay qochib ketgan”

“Otam No‘monjon Ahmedov 63 yoshda edi. Paxta qabul qilish punktida 42 yildan beri ishlardi. 16 sentabr uyda birga kechki ovqat yedik. Taxminan soat 19:15 larda otam velosipedini minib ishiga chiqib ketdi.

Sherzod Ahmedov, marhum No‘monjon Ahmedovning o‘g‘li

Ketayotganda qo‘shni mahallada uchastka noziri bo‘lib ishlovchi Zafar Qo‘shmatov Matiz mashinasida mast holatda otamning orqasidan kelib urgan. Eng alam qilgani birinchi yordam ko‘rsatmay qochib ketgan. Ichib olib mashina boshqargani haqida barcha dalillar bor. Buni o‘zi ham tan oldi.

Uchastka noziri uyiga borib, otasiga bo‘lgan voqeani gapirib bergan. Bir soatdan keyin otasi akasi bilan birga otamni o‘sha joydan olib, shoshilinch tez tibbiy yordamga olib borishgan va bu odamni yo‘ldan behush yotganda topib oldik, deb shifokorlarni bunga ishontirgan.

marhum No‘monjon Ahmedov

Bu paytda biz bo‘lib o‘tgan ishdan bexabar edik. Ukam otamga telefon qilib, ishga sog‘-omon yetib oldingizmi demoqchi bo‘lsa telefonni doktor olib otam reanimatsiyadaligini aytgan.

Shifoxonaga borsam vrachlar otangizni yurak xurujidan olib kelishdi, deb aytishdi. Ishonmadim. Chunki otam biror marta yuragidan shikoyat qilgan emas. Otamni mashina urib ketgan joyni topdim. Borsam u yerda uchastkavoyning otasi turgan ekan. Meni ko‘rib mazam qochyapti, deb qochib ketdi. Shubhalandim. Yugurib paxta punktga kirdim. Paxta punktidagilar otangizni oq rangdagi Matiz urib qochib ketdi deyishdi. Ko‘chada turgan voqea guvohlari Matiz'ni orqasidan quvlab borishgan, lekin yeta olishmagan. Qaytib kelib asfaltdagi qon va pachaq bo‘lgan velosipedni ko‘rishgan. Ariqda yotgan otamni ko‘rishmay qolgan.

YTH sodir bo‘lgan joy

Mast holatda bo‘lgan ichki ishlar xodimi otamni urib yuboribdi, nega unga birinchi yordam ko‘rsatmadi?! Birinchi yordam ko‘rsatilganda otam tirik qolgan bo‘larmidi? Shuni o‘ylab ichimiz ezilyapti. Endi jazosini olsin ichki ishlar xodimi”, deydi marhumning o‘g‘li Sherzod Ahmedov.

 “Qonuniy jazo berilsin”

Marhumning turmush o‘rtog‘i Sharifa Ahmedova mast holda mashina boshqargan IIB xodimi qonun oldida jazo olishini so‘rayapti.

“Nahotki ichki ishlar xodimi mast holda mashina boshqarsa? IIB xodimi boshqalarga o‘rnak bo‘lmaydimi? Turmush o‘rtog‘imga birinchi yordam ko‘rsatmaganini eshitib kechira olmayapmiz. Bo‘lgan voqeaga chiday olmayapmiz. Turmush o‘rtog‘im halol mehnat bilan 4 o‘g‘il, 1 qizni voyaga yetkazib o‘stirdi. Uyli-joyli qildi. Endi ularning rohatini ko‘raman deganida shunday ko‘ngilsiz voqea bo‘lib turibdi. Mast holda mashina boshqargan IIB xodimi qonun oldida jazosini olsin”, deydi u.

Sharifa Ahmedova, marhum No‘monjon Ahmedovning turmush o‘rtog‘i 

Hodisa guvohlari bor 

 O‘sha kuni YTHga guvoh bo‘lganlar ham bor. Shulardan biri fuqaro Muhammadjon Hotamov. U YTH sodir bo‘lganida haydovchi qochib ketganini ta’kidladi.

“O‘sha kuni ko‘chada suhbatlashib o‘tirgan edik. Qorong‘i tushib qolgandi. To‘satdan qarsillagan ovoz keldi. 200 metr nariroqda bir mashina 2, 3 daqiqa to‘xtab turdi. Keyin mashinasini tezlikda haydab ketdi. Borsak velosipedning o‘zi ko‘rindi. Boshqa hech narsa ko‘rinmadi. Pachaqlangan velosiped ariq bo‘yida turgan ekan. Matiz orqasidan quvladik lekin yetib bo‘lmadi. Ariq ichida yotgan No‘mon akaga e’tibor qilmabmiz. Urib yuborgan mashina haydovchisi tezlikda shifoxonaga olib ketdi, deb o‘yladik-da”, deydi guvohi Muhammadjon Hotamov.

Muhammadjon Hotamov, voqea guvohi

“No‘monjon aka bilan 27 yil birga ishladik. Yaxshi inson edi. Mol-qo‘ylari paxta punktida turardi, shulardan xabar olib kelaman deb kelayotgan bo‘lgan-da uyidan.

O‘sha kuni biz ichkarida paxta qabul qilayotgan edik. Otaxon velosipedida har kuni uyiga borib kelardi, “ujin” qilib kelardi-da. Yaxshi kadrlarimizdan biri edi. Tunnelimizni teshib berardi har yili. Hozir mana kadr yo‘q endi, o‘rniga odam topa olmay turibmiz. Og‘ir mehnat qilardi. Yaxshi inson edi-da, Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin”, deydi marhumning hamkasbi Abdusalom G‘anijonov.

Abdusalom G‘anijonov, marhumning hamkasbi

“Yo‘ldan topib oldim degan”

Furqat tumani tibbiyot birlashmasi travmatologi Abdumalik Ermatovga ko‘ra, marhumni olib kelgan shaxs, ya’ni uchastka nozirining otasi bemorni yo‘ldan topib olganini aytib, shifokorlarni ishontirgan.

“16 sentabr 20:10 larda Furqat tumani markaziy shifoxonasi qabul bo‘limiga No‘monjon Ahmedov biologik o‘lik holatida olib kelingan. Marhumning og‘iz-burnida qotgan qonlar bo‘lgan. Chap qo‘lining kafti ichki sohasida, bosh ensa tepa sohalarida urilgan-shilingan jarohatlari bo‘lgan. Ko‘krak oldi sohasi, orqa sohalarida o‘lim dog‘lari bo‘lgan.

Marhumni olib kelgan shaxs bemorni yo‘ldan topib oldim, yo‘lda yotgan ekan deb aytgan shifokorlarga. Keyinchalik esa marhum YTH oqibatida vafot etgan ma’lum bo‘ldi”, deya ta’kidladi Abdumalik Ermatov.

Abdumalik Ermatov, Furqat tumani tibbiyot birlashmasi travmatologi

Farg‘ona viloyati prokuraturasining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, ayblanuvchi ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan. Holat bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.

Sarvar Ziyoyev,
Kun.uz
Operator va montajchi – Sardor Mamirov.

Mavzuga oid