Jahon | 18:02 / 30.09.2025
1933
2 daqiqa o‘qiladi

Markaziy Osiyo davlatlari Suriya va Iroqdan bolalarni qaytarish masalalarini muhokama qildi

Delegatlar reintegratsiya dasturlari samaradorligini ta’minlash va kelajakdagi repatriatsiyaga tayyorgarlik ko‘rish uchun hamkorlikni davom ettirish zarurligini ta’kidladi.

Qirg‘iziston Xavfsizlik kengashi kotibi Baqtibek Bekbo‘lotov Suriya va Iroqdan bolalarni qaytarish masalalari bo‘yicha mintaqaviy konferensiyada ishtirok etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, repatriatsiya masalalari bo‘yicha tajriba almashish, psixologik-ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va bolalarning ta’lim olish imkoniyatini ta’minlash maqsadida tadbirda Qozog‘iston, Tojikiston, O‘zbekiston delegatsiyalari, Yevropa Ittifoqi, AQSh vakillari va bolalarni himoya qilish bo‘yicha xalqaro ekspertlar ham ishtirok etdi.

Qayd qilinishicha, delegatlar reintegratsiya dasturlari samaradorligini ta’minlash va kelajakdagi repatriatsiyaga tayyorgarlik ko‘rish uchun hamkorlikni davom ettirish zarurligini ta’kidlagan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2019 yildan buyon 1,6 mingdan ortiq bola Markaziy Osiyoga qaytarildi. Ularning ko‘pchiligi mojarolar zonasida tug‘ilgan yoki o‘sgan va hayotning turli sohalarida jiddiy qiyinchiliklarni boshdan kechirgan.

O‘zbekiston hukumati xorijda (ayniqsa, «qaynoq» nuqtalarda: Suriya, Iroq, Afg‘oniston) og‘ir sharoitlarda qolgan fuqarolarni, ko‘pincha bolalar va ayollarni Vatanga qaytarish maqsadida «Mehr» operatsiyasini o‘tkazib kelmoqda.

Repatriatsiya turli qo‘llab-quvvatlovchi choralarni: tibbiy, psixologik, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, reintegratsiyaga yordam berishni nazarda tutadi. Shuningdek, deradikalizatsiya dasturi bilan bog‘liq - ya’ni ekstremistik yoki radikallashgan guruhlarning sobiq a’zolariga tinch hayotga qaytishga yordam berish.

2024 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, 2019 yildan buyon «Mehr» operatsiyasi doirasida 531 nafar o‘zbekistonlik vatanga qaytgani rasman ma’lum qilingan.

Mavzuga oid