Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Jangovar ruh va «erkakcha standartlar». Tramp va Hegset generallar bilan favqulodda uchrashuvda nima haqida gapirdi?
AQSh prezidenti Donald Tramp va mamlakat mudofaa vaziri Pit Hegset Virjiniya shtati Kuantiko shahridagi dengiz piyodalari bazasida to‘plangan yuzlab harbiy qo‘mondonlarga murojaat qildi. Tramp armiyani maqtadi va avvalgi ma’muriyat davrida yo‘qotilgan jangovar ruhni qaytarishga va’da berdi.
Foto: Getty Images
Yig‘ilishdan oldin ommaviy axborot vositalari va birinchi navbatda generallarning o‘zlari nima uchun Pentagon zudlik bilan yuzlab amerikalik generallar va admirallarni to‘plashga qaror qilgani yuzasidan taxminlarini bildirishgandi.
Yuqori martabali harbiylarga shoshilinch ravishda yig‘ilishga kelish buyurilgan, u yerda nima haqida gap borishi tushuntirilmagandi. Bu esa ularda xavotir va hatto vahima uyg‘otgan.
Donald Tramp Kuantikoda bo‘lib o‘tadigan uchrashuvda ishtirok etishini 28 sentabr kuni tasdiqladi. NBC News telekanaliga bergan intervyusida u bo‘lajak voqeani «harbiy jihatdan qanday ishlayotganimiz, qanday qilib a’lo formada bo‘lish va boshqa ko‘plab ijobiy narsalar haqida suhbatlar bilan juda yoqimli uchrashuv» deb atadi.
AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens Hegset va uning generallari uchun yuzma-yuz uchrashishda «hech qanday g‘ayrioddiy narsa yo‘qligi»ni ta’kidlab, Kuantikodagi yig‘ilishning o‘ziga xosligi va ahamiyatini kamaytirishga harakat qildi.
NATO harbiy qo‘mitasi raisi, italiyalik general Juzeppe Kavo Dragone o‘zining 49 yillik xizmati davomida hech qachon bunday narsani ko‘rmaganini ta’kidladi, deb yozadi Associated Press.
Kun tartibisiz uchrashuv va matbuotdagi nazariyalar
Favqulodda uchrashuv haqida birinchi bo‘lib Washington Post 25 sentabr kuni xabar berdi. Gazeta ma’lumotlariga ko‘ra, Hegset 800 ga yaqin kishini, jumladan, harbiy mojarolar hududida xizmat qilayotgan generallarni ham chaqirgan.
WP suhbatdoshlarining hech biri AQSh mudofaa vaziri bir joyda shuncha qo‘mondonlarni to‘plagan bunday vaziyatlarni eslay olmadi. Ba’zilar esa xavfsizlik borasida xavotir bildirishdi.
Gazeta manbalari Hegset xorijda, ayniqsa Osiyo-Tinch okeani mintaqasida xizmat qilayotgan qo‘mondonlarni ham chaqirganidan hayratda qolishgan. «Bu g‘alati», – dedi WP suhbatdoshlaridan biri strategik jihatdan muhim mintaqa amalda harbiy qo‘mondonliksiz qolishini ta’kidlab.
JIM WATSON/AFP via Getty Images
Biroz vaqt o‘tgach Reuters agentligi ikki manbaga tayanib, uchrashuv mavzusi armiyaning «jangovar ruhi» bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi. O‘z navbatida, NBC o‘z manbasiga tayanib, yig‘ilishdan maqsad Pentagonning yutuqlarini qayd etish va Hegset boshchiligidagi vazirlikning kelajagini muhokama qilish ekanini xabar qildi. Odatda bunday narsalar qo‘mondonlikka memorandumlar yoki xavfsiz aloqa kanallari orqali videokonferensiya orqali xabar qilinadi.
Ammo oxir-oqibat manbalar haq bo‘lib chiqdi: gap aynan «jangovar ruh» va Pentagon yutuqlari haqida ketayotgan edi.
«Mafkuraviy axlatdan xalos bo‘lish»
Birinchi bo‘lib Pentagon rahbari Pit Hegset so‘zga chiqdi va birinchi navbatda oldingi ma’muriyatga qaratilgan tanqidlarini yog‘dirdi. U harbiy idora «siyosiy moslashuvchanlik va zaharli mafkuraviy axlat bilan zaharlangani»ni ta’kidladi.
«Bundan buyon armiyada ayollar ko‘ylagini kiygan yigitlar bo‘lmaydi... Endi iqlim o‘zgarishiga sig‘inish, gender safsatalari yo‘q. Bu axlatga chek qo‘yildi», – dedi Hegset sahnadan turib.
Shuningdek, u bundan buyon armiya harbiy xizmatchilardan «eng yuqori erkaklar standarti»ga muvofiqlikni talab qilishini aytdi. Ya’ni, armiyada harbiy xizmat o‘tayotgan har bir kishi jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha «erkaklar standarti» testini 70 foizdan yuqori natija bilan topshirishi kerak.
«Pentagon tashqi ko‘rinish standartlariga rioya etilishini qat’iy nazorat qiladi, harbiylar jismoniy tayyorgarlik testidan 70 foizdan yuqori natija bilan o‘tishi kerak. Men o‘g‘limning formada bo‘lmagan askarlar bilan birga xizmat qilishini yoki erkaklar bilan bir xil jismoniy standartlarga javob bera olmaydigan ayollar bilan jangovar bo‘linmada xizmat qilishini istamayman», – dedi Pentagon rahbari yuqori martabali ofitserlarga. «Standartlar yagona, gender jihatidan neytral va yuqori bo‘lishi kerak», – dedi u o‘z bayonotiga yakun yasab.
Avvalroq Pit Hegset ayol harbiy xizmatchilar uchun standartlar sezilarli darajada pasaytirilganini bir necha bor ta’kidlagan, lekin o‘z so‘zlariga dalil keltirmagan edi. Shu bilan birga, u ayollarning AQSh armiyasida xizmat qilishiga qarshi emasligini ta’kidladi – agar ular jangovar vazifalarni bajarishda erkaklardan qolishmasa.
«Gap ayollarni harbiy xizmatga qo‘ymaslik haqida ketayotgani yo‘q. Ayollar eplay olsa, juda yaxshi. Agar eplay olmasa, bu ham bor narsa. Agar bu hech bir ayol ba’zi jangovar vazifalarga mos kelmasligini anglatadigan bo‘lsa, shunday bo‘la qolsin», – degan u.
Bundan tashqari, Hegset generallarni ham tanqid qildi. «Pentagon yo‘laklarida butun mamlakat va dunyo bo‘ylab qurolli kuchlarga rahbarlik qilayotgan semiz generallar va admirallarni ko‘rish mutlaqo maqbul emas. Bu chiroyli ko‘rinmaydi. Bundan buyon soqol, uzun soch va o‘zini ifoda etishning boshqa usullariga yo‘l qo‘yilmaydi», – dedi u o‘z nutqi davomida to‘liq sukunat saqlangan zal qarshisida. Hegset qo‘mondonlik tarkibi bo‘yi va vazni bo‘yicha talablarga javob berishi va tekshiruvdan o‘tishi kerakligini ta’kidladi.
Nihoyat, Pentagon rahbari Pentagonning teng imkoniyatlarni ta’minlash dasturi va bosh inspektor idorasi faoliyatini qayta ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi. Oxirgi bo‘lim, Hegsetning fikricha, «mafkuraviy qurolga aylangan». Hegset maxfiy operatsiyalarni rejalashtirish uchun Signal chatidan foydalangani aniqlangandan so‘ng, aynan bosh inspektorning idorasi tekshiruv o‘tkazgandi.
Vazirlikda teng imkoniyatlar dasturi ham qayta ko‘rib chiqiladi. «Endi hech qanday yengiltak shikoyatlar, hech qanday anonim shikoyatlar, hech qanday takroriy shikoyatlar, hech qanday obro‘ga putur yetkazish, hech qanday huquqiy noaniqlik, hech qanday karera buzilishi, hech qanday qayiqni chayqatish bo‘lmaydi», – deb g‘azab bilan gapirdi Hegset. Shu bilan birga, u irqchilik va jinsiy zo‘ravonlik avvalgidek qonundan tashqari bo‘lib qolishini ta’kidladi.
«Eng ajalvor va hukmron armiya»
Hegsetdan so‘ng sahnaga AQSh prezidenti ko‘tarildi.
Tramp boshidanoq generallarga nisbatan ancha qattiqqo‘l edi: «Kimga gaplarim yoqmasa, zalni tark etishi mumkin. Lekin shu bilan birga xizmatingiz va kelajagingiz bilan xayrlashishga to‘g‘ri keladi».
Prezident, odatdagidek, eng keng tarqalgan mavzularga to‘xtaldi – G‘azo sektori, Bayden ma’muriyatining xatolari, Ukraina, Putindan hafsalasi pir bo‘lgani va Medvedevdan noroziligi haqida gapirdi, mojarolarni hal qilgani uchun yana bir bor tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini talab qildi.
Umuman olganda, uning amerikalik harbiy rahbarlarga murojaati Pit Hegsetning tezislarini takrorladi.
Donald Trampning so‘zlariga ko‘ra, Amerika armiyasi «sayyoradagi eng ajalvor va hukmron armiya» bo‘lishi kerak.
Pentagon rahbari ortidan Tramp ham siyosiy to‘g‘rilik tamoyillariga hujum qildi. «Biz yana jismoniy tayyorgarlik, qobiliyat, xarakter va kuchga urg‘u beramiz, chunki Amerika armiyasining maqsadi hech kimning his-tuyg‘ularini himoya qilish emas. U respublikamizni himoya qilishdir», – dedi u.
Bundan tashqari, prezident 2026 yilda harbiy ehtiyojlar uchun 1 trillion dollardan ortiq mablag‘ sarflashga va’da berganini aytdi. «Bu juda katta pul. Umid qilamanki, sizlarga ma’qul bo‘ladi», – dedi u yig‘ilgan harbiy boshliqlarga. U, shuningdek, uning ma’muriyati AQSh harbiy-dengiz kuchlari tarkibini 19 ta kemaga oshirishga va’da berdi, suvosti kemalari, esminetslar va desant kemalari shular jumlasidan. Biroq Tramp ba’zi kemalarning tashqi ko‘rinishi unga yoqmasligi, «chiroyli bo‘lmagan kema hech kimga kerak emasligi»ni ham qo‘shimcha qilgan.
Hegset singari, Tramp ham AQSh mudofaa vazirligini Urush vazirligi deb o‘zgartirish haqidagi o‘z qarorini olqishladi. Ikkala ma’ruzachi ham buni amalga oshirilgan fakt sifatida taqdim etdi, holbuki brendni o‘zgartirish uchun hali Kongressning ruxsati kerak. Trampning aytishicha, nom bilan birga harbiy idoraning o‘ziga xosligi ham o‘zgarmoqda. U chiqishini harbiylarni maqtash bilan tugatdi: «Biz Qo‘shma Shtatlar armiyasimiz. Dunyo ko‘rgan eng yaxshi, eng dovyurak, eng botir armiya».
Mavzuga oid
09:40
NYT OAV uchun joriy etilgan cheklovlar sabab Pentagonni sudga berdi
08:52 / 04.12.2025
Tramp: Putin kelishuv tuzishni va «normal hayotga qaytishni» istayapti
08:11 / 04.12.2025
Inspektor: Hegset Signal orqali maxfiy ma’lumot tarqatib, AQSh qo‘shinlarini xavf ostiga qo‘ygan
15:57 / 03.12.2025