Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qirg‘iziston prezidenti bolalar va ayollarga qarshi og‘ir jinoyatlar uchun o‘lim jazosini qaytarishni buyurdi
Sadir Japarov sentabr oyi oxirida 17 yoshli qorako‘llik qiz zo‘rlangan va bo‘g‘ib o‘ldirilganidan keyin shunday topshiriq berdi.
Foto: president.kg
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov pedofillar, shuningdek, ayollarni zo‘rlab, keyin o‘ldirganlik uchun o‘lim jazosini joriy etishni buyurdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi Asqat Alagozov ma’lum qildi.
«Prezident Administratsiyasi Huquqiy ta’minot boshqarmasi boshlig‘i Murat Ukushevga qonunchilikka bolalar, qizlar va ayollarga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikni maksimal darajada kuchaytirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar tayyorlashni topshirdi. Xususan, gap bolalarni zo‘rlash, shuningdek, ayollarni zo‘rlab, keyin o‘ldirish uchun o‘lim jazosi to‘g‘risidagi normani joriy etish haqida ketmoqda», dedi Alagozov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Japarov sentabr oyi oxirida zo‘rlangan va bo‘g‘ib o‘ldirilgan 17 yoshli qorako‘llik qiz hodisasiga shunday munosabat bildirgan. Jinoyatda gumonlanuvchi Bishkekda qo‘lga olindi, u 1984 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan erkak bo‘lib chiqdi.

Japarov bolalar va ayollarga qarshi jinoyatlar jazosiz qolmasligi kerakligini aytdi, deya qo‘shimcha qildi Alagozov. Prezident qizning o‘ldirilishi bilan bog‘liq ishni o‘z nazoratiga oldi.
Qirg‘izistonda o‘lim jazosi 1998 yilda, bunday hukmlarni ijro etishga moratoriy e’lon qilingandan so‘ng to‘xtatildi, ammo sudlar uzoq vaqt davomida o‘lim jazosini qo‘llashni davom ettirdi. O‘lim jazosi 2007 yilda to‘liq bekor qilindi va umrbod qamoq jazosi bilan almashtirildi. Bungacha, 2006 yilda Qirg‘iziston Konstitutsiyasidan oliy jazo chorasi haqidagi eslatma olib tashlandi, 2010 yilda esa mamlakat o‘lim jazosini taqiqlovchi va kelajakda unga qaytmaslik majburiyatini yuklovchi xalqaro protokolni ratifikatsiya qildi.
O‘lim jazosini qaytarish uchun mamlakatning Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish va referendum o‘tkazish talab etiladi.
Mavzuga oid
17:45 / 13.05.2026
Qirg‘iziston MXDQ sobiq rahbari Tashiyevning ishi maxfiylashtirilib, sudga yuborildi
08:28 / 12.05.2026
Chegara orqali narkotik tashish bilan shug‘ullangan guruh fosh etildi
18:42 / 08.05.2026
O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston sug‘orish suvini yetkazish jadvalini kelishib oldi
07:40 / 07.05.2026