1983 yil. AQShda Ozodlik haykali odamlar ko‘z o‘ngida yo‘qolib qoldi va qayta paydo bo‘ldi. Bu dunyoga mashhur illyuzionist Devid Kopperfild tomoshasi edi. 2024 yil O‘zbekistonda yuzlab avtomobil g‘oyib bo‘ldi va qayta topilmadi. Ammo bu qandaydir tomosha emas, “afsungar” rolini qoyilmaqom ijro etgan IIB xodimlarining ishi edi. Hatto Gollivud filmlariga ssenariy bo‘la oladigan darajada mukammal tuzilgan jinoiy sxema baribir fosh bo‘ldi va 5 nafar xodim qamaldi.

Kun.uz avvalroq mashina oldi-sotdisi bilan shug‘ullanish niqobi ostida odamlarni chuv tushirgan uyushgan guruh haqida surishtiruv e’lon qilgandi. Unda Namangan viloyatidagi yashirin ustaxonalarda kuzov va dvigatel raqamlari o‘zgartirilgan holda 1 yilda 300 ga yaqin mashina gumdon qilingani haqida gap boradi. Guruh a’zolari davlat idoralari xodimlarining ko‘magisiz bunday katta jinoyatni amalga oshirishlari qiyin edi. Ushbu guruhga ko‘maklashgan, ya’ni uyushgan guruh a’zosi bo‘lgan IIB xodimlarining kimligi ma’lum bo‘ldi.

Uyushgan guruh

2023-2024 yillar davomida O‘zbekistonda yuzlab avtomobillar g‘oyib bo‘lgan. Ularning ko‘pi bojxona chegara postlari orqali qo‘shni davlatlarga olib chiqilib, sotib yuborilgan. Ayni shu faoliyat – O‘zbekistonda bo‘lib to‘lash sharti bilan avtomobil xarid qilib, so‘ngra uni qo‘shni davlatlarga olib o‘tib pullash bilan o‘nlab uyushgan va jinoiy guruhlar shug‘ullangan. Kun.uz bularning bir nechtasi haqida surishtiruvlar e’lon qilgandi.

Biroq uyushgan guruhlardan birining ishi hammasidan oshib tushdi. Ushbu guruhda jinoiy sxemani amalga oshirishda muhim bo‘lgan shaxslar to‘plangandi. Jumladan, Namangan viloyati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limi inspektorlari. Ular – Boburjon Ergashev, Ma’sharip Obidxo‘jayev, Ne’mat Mansurov, Erkin Musulmanov va Ravshan Esanov. Ularning vazifasi uyushgan guruhning boshqa a’zolari tomonidan yetkazib berilgan avtomobillarni noqonuniy tarzda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘lgan.

Guruhga 1991 yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan Akmalxon Hoshimov rahbarlik qilgan. Shuningdek, uyushgan guruh tarkibida Habibullo Matisayev, Abror Zaynutdinov, Umid Mamadaliyev, Shuhrat Dalimov, Murodillo Bayatov, Zuxruddin Chalov, Sevara Ahmadjonova kabi shaxslar bo‘lgan. Jinoyat ishining ularga oid qismi alohida ish yurituviga olingan va sud hukmi o‘qilgan