Avgust oyi boshidan beri Rossiya hududidagi yigirmadan ortiq yirik neft zavodlariga zarba bergan Ukraina dronlarining hujumlari Rossiya yoqilg‘i bozorini misli ko‘rilmagan inqiroz holatiga olib keldi.

28 sentabr holatiga ko‘ra, butun mamlakat bo‘ylab neftni qayta ishlash zavodlarida neftni birlamchi qayta ishlash quvvatlarining 38 foizi (yoki kuniga 338 ming tonna) ishlamayapti, deb yozadi RBK «Siala» tahlil agentligi ma’lumotlariga tayanib.

Avgust oyida benzin va dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarish uchun mavjud quvvatlarning umumiy hajmi 6 foizga, sentabr oyida esa yana 18 foizga kamaydi.

«Siala» hisob-kitoblariga ko‘ra, to‘xtashlarning taxminan 70 foizi Ukraina dronlari hujumlari bilan bog‘liq: sentabr oyi oxiriga kelib bunday hujumlar tufayli kuniga 236 ming tonna mahsulot ishlab chiqarilishini ta’minlovchi quvvatlar ishlamayapti. Bu tarixiy rekord ko‘rsatkich bo‘lib, avgustdagi ko‘rsatkich (kuniga 206 ming tonna) yangilandi. Neftni qayta ishlash zavodlarida hozirgi inqirozgacha rekord darajadagi to‘xtab qolish 2022 yil mayida kuzatilgandi (196 ming tonna).

Sentyabr oyining o‘zida dronlar hujumlari tufayli neftni qayta ishlash zavodlaridan to‘rttasi faoliyatini to‘xtatgan: ular orasida Rossiyadagi eng yirik ikkinchi zavod hisoblangan Leningrad oblastidagi «Kinef» zavodi hamda Ryazan yaqinidagi «Rosneft» korxonasi (kuchli beshlikka kiradi) bor. Ulardan birinchisi 14 sentabrda, ikkinchisi – 5 sentabrda ishlashdan to‘xtagan. Shuningdek, 20 sentabrdan Novokuybishev neftni qayta ishlash zavodi, 22 sentabrdan esa – «Gazprom»ning Astraxandagi gazni qayta ishlash zavodi ishlamay qoldi.

Natijada sentabr oyida benzin ishlab chiqarish hajmi 1 million tonnaga kamaydi, uning ichki bozordagi taqchilligi esa iste’molning 20 foiziga yetdi.

RBK qayd etishicha, inqiroz fonida Belarus uzoq vaqtdan buyon birinchi marta Peterburg birjasida benzin va dizel yoqilg‘isi savdosini tikladi hamda darhol narxni keskin oshirdi. Sentyabr oyida Rossiyadagi avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalari Belarus benzinini sotib olishni oylik hisobda 168 foizga oshirgandi.

«Kommersant» bozordagi ishtirokchilardan biriga tayanib yozishicha, sentabrda RFda benzin taqchilligi oylik 400 ming tonnadan ikki million tonnagacha yetdi. Peterburg birjasida benzin narxlari so‘nggi haftalarda butun tarixdagi eng yuqori ko‘rsatkichlarni saqlab qolmoqda.

Bu fonda ba’zi hududlarda yoqilg‘i quyish shoxobchalarida uzilishlar boshlandi, eng og‘ir vaziyat – Uzoq Sharq va Rossiya janubida kuzatilmoqda. Anneksiya qilingan Qrimda hukumat yoqilg‘i sotishni chekladi – bir qo‘lga 30 litrdan ko‘p emas, shuningdek, treyderlar bilan 30 kun davomida yoqilg‘ining qat’iy narxi bo‘yicha kelishib olingan.