Voqealar zanjiri va nima o‘zgardi?

2024 yil 14 oktyabr kuni Qozog‘istonning Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vazirligi Telegram bilan mahalliy vakil tayinlash va ofis ochish bo‘yicha kelishuvga erishilganini e’lon qildi. Bu rasmiy xabar platformaning mamlakatda qonuniy talablarga moslashishi yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

Oradan ko‘p o‘tmay, 2024 yil 31 oktyabrda senatorlar yig‘ilishida vazir Jaslan Madiyev ofis AIFC (Astana International Financial Center) huquqiy maydonida ro‘yxatdan o‘tkazilayotganini, kontent moderatsiyasi uchun mas’ul shaxs ham tayinlanganini aytdi.

2025 yil 27 iyunda Telegram Astana Hub — Markaziy Osiyodagi yirik innovatsion klaster a’zoligiga qabul qilindi. Bu amalda kompaniyaning Qozog‘iston IT-ekotizimi bilan tizimli ishlash niyatini ko‘rsatdi.

2 oktyabr kuni Pavel Durov Digital Bridge 2025 forumida Astanada Alem.ai binosida maxsus sun’iy intellekt laboratoriyasi ochilayotganini ma’lum qildi. Rasmiylarga ko‘ra, Telegram Qozog‘istonda ofisni ishga tushirdi, Astana Hub’ga qo‘shildi va SI laboratoriyasini ochdi.

Qonunchilik: nega ofis ochish talab qilindi?

Qozog‘istonda 2023 yil qabul qilingan “Onlayn platformalar va onlayn reklama to‘g‘risida”gi qonun mamlakatda har kuni 100 mingdan ortiq foydalanuvchiga ega ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlardan mahalliy vakil (yuridik shaxs) bo‘lishini talab qiladi. Shuningdek, taqiqlangan kontentni rasmiy talab bo‘yicha olib tashlash mexanizmlari ham bu hujjatda keltirib o‘tilgandi. Ya’ni agar Telegram ofis ochmasa, platforma Qozog‘iston hududida bloklanishi mumkin edi.

Bozor omili: nega aynan Qozog‘iston?

Telegram Qozog‘istonda nihoyatda ommabop: oylik 12,5 mln foydalanuvchi bor. Bu — 20 mln aholining yarmidan ko‘prog‘i degani. Shu bois platforma uchun Qozog‘iston strategik bozor bo‘lib, huquqiy moslashuv qarorini tezlashtirgan. Ya’ni Telegram uchun ham platforma bloklanganidan ko‘ra bir ofis ochish ma’qulroq qaror edi.

Ofis qayerda va qanday ishlaydi?

2024 yil 31 oktyabrda vazir Madiyev ofis AIFC (Astana International Financial Center) asosida ro‘yxatdan o‘tayotganini aytgandi. Vazirlik rasmiy bayonotida mahalliy vakil tayinlash va noqonuniy kontentni tezkor olib tashlash bo‘yicha hamkorlik qayd etilgan. Senatdagi chiqishda esa “kontent moderatsiyasi uchun mas’ul shaxs allaqachon tayinlangan”i aytilgan.