Ayollar dunyosi | 12:48 / 04.10.2025
1742
4 daqiqa o‘qiladi

“Dam olish kuni”da eng ko‘p ishlaydigan ayollar uchun tavsiyalar

Yakshanba kuni ko‘pchilik uchun dam olish kuni bo‘lsa-da, ayollar uchun  - uy ishlari, kir yuvish, oshxona, bolalarni cho‘miltirish va maktabga tayyorlash bilan to‘lgan eng tig‘iz kun. Ammo shunday bo‘lsa ham, o‘zingiz uchun oz bo‘lsa ham vaqt ajratish zarur.

Foto: Depositphotos

Yakshanba kuni erta tongdan uyda harakat boshlanadi: bolalarni cho‘miltirish, changyutkich shovqini, oshxonada mazali taom hidi, kir mashinaning g‘uvullashi, hali dazmol qilish kerak… Ayollar uchun “dam olish kuni” ko‘p hollarda eng tig‘iz ish kuniga aylanib qoladi. Ammo shunday bo‘lsa ham, o‘zingiz uchun biroz vaqt ajratish mumkin — faqat to‘g‘ri yondashish kerak.  Bu ayolga nafaqat sog‘lomlik, balki ruhiy barqarorlik uchun ham muhim. Xo‘sh, buni to‘g‘ri tashkil etish uchun nima qilish kerak?

Buning uchun shanba kuni real reja tuzing, idealni qidirmang. Uydagi barcha ishlarni bir kunda bitirishga intilmang. Masalan, yakshanbada faqat kir yuvish va ozgina tozalash deb belgilab oling. Erta turishning o‘rniga bir soat ko‘proq uxlang — bu ham tiklanishning bir qismi.

Hamma ishni ayol bir o‘zi qilishi shart emas. Barcha ishlarni ro‘yxat qilib, boshqalar bilan ham bo‘lishing. Bolalarga kichik vazifalar bering: qutilarni yig‘ish, dasturxon yoyish, otaga mazali taom tayyorlashni topshirish mumkin. Bu nafaqat yengillik, balki oilaviy hamjihatlikni ham oshiradi. Farzandlaringiz yodida qoladigan onlarni boshdan o‘tkazishadi. Ona bilan birga ota mehrini ham his qilishadi.

Shu kuni ko‘p vaqtni taom tayyorlashga ketkazish ham xato. Chunki oila bir joyda to‘planishi doim ham bo‘lavermaydigan holat. Shuning uchun “Katta dasturxon” o‘rniga turmush o‘rtog‘ingiz tomonidan oddiy, lekin mehr bilan tayyorlangan, bolalaringiz uchun sevimli taom yetarli.

Uy ishlaridan so‘ng o‘zingizga “pauza” berishni o‘rganing. Masalan, bolalar uxlagandan keyin yoki tushlikdan so‘ng 20 daqiqa faqat o‘zingiz uchun vaqt ajrating. Dush qabul qiling, yuzingizni parvarish qiling, yoqimli musiqa qo‘ying. Bu “mini-ritual” sog‘liqni saqlash va stressni yengishning yengil usulidir.

Agar imkoniyat bo‘lsa, kechqurun 20 daqiqa havoga chiqing. Yakshanba kunidagi eng yaxshi dam olish — tabiat bilan bir necha daqiqa sukut hisoblanadi. Bu sayr sizga keyingi hafta davomida energiya beradi. Ayollar ko‘pincha o‘zlariga “hozir dam olishga haqqim yo‘q” deb o‘ylashadi. Bu noto‘g‘ri. Uy ishlari tugaydi, ammo charchagan ayol — erta yoki kech tanasida va hissiyotida to‘plangan charchoqning oqibatini his qiladi.

Dam olish — bu mukofot emas, ehtiyoj. Har yakshanbada kamida yarim soatni faqat o‘zingiz uchun belgilab qo‘ying. U vaqtda telefonni chetga qo‘yish, choy ichish, ko‘zni yumib nafas olish kerak. Chunki ertasi kuni butun oila sizning energiyangizga muhtoj bo‘ladi.

Tayyorlagan:  Kun.uz Admin

Mavzuga oid