CheLSI – LIVeRPUL (4 oktyabr, 21:30)

Mavsumni juda yaxshi boshlagan bu ikki jamoa so‘nggi paytlarda muvaffaqiyatsizliklar girdobida qolishdi. “Liverpul” yuz foizlik natija bilan peshqadam bo‘lib turgandi, ammo so‘nggi turda Londonda “Kristal Pelas”dan mag‘lubiyatga uchradi. Keyin esa Chempionlar Ligasida “Galatasaray”ga qarshi uchrashuv ham mag‘lubiyat bilan tugadi. Shu tariqa mavsumni ideal boshlagan Slot jamoasi agar “Chelsi” ustidan g‘alaba qozona olmasa, ikkinchi o‘ringa tushib ketishi mumkin. Chunki “Arsenal” bu turda o‘z maydonida “Vest Hem”ni qabul qiladi va bu o‘yinda mezbonlarning imkoniyati ancha yuqori ekaniga hech kim shubha qilmasa kerak.

“Chelsi”ning holati yanada og‘irroq. Enso Mareska bir necha frontda kurashishda tajribasiz ekani ko‘rinib qolyapti. To‘g‘ri, o‘tgan yili ham jamoa yevrokuboklarda qatnashgan va hatto g‘olib ham chiqqan edi. Ammo Mareska Konferensiyalar ligasida butunlay boshqa tarkibni tushirib ham kerakli natijani qo‘lga kirita olardi. Chempionlar Ligasi esa ancha yuqori daraja. Mareska dastlab “Bavariya”ga tayyorgarlik sifatida Brentfordda rotatsiya qildi va ochko yo‘qotdi. Keyin “Bavariya”dan mag‘lubiyat “Old Trafford”dagi muvaffaqiyatsizlik bilan davom etdi. “Brayton”ga qarshi uy uchrashuvida ham jamoa hisobda oldinda borayotgan bo‘lsa-da, qizil kartochkadan keyin mehmonlar g‘alabani ilib ketishdi. O‘zi umuman “Chelsi”ning juda ko‘p mag‘lubiyatlari, xususan oxirgi 5 mag‘lubiyatidan 4 tasi qizil kartochka ta’sirida sodir bo‘lganini ta’kidlash kerak. Qizig‘i, “Chelsi” hafta o‘rtasida bo‘lib o‘tgan YeChL o‘yinida “Benfika”ni yengib, uch o‘yindan iborat omadsiz seriyaga chek qo‘ydi va shu o‘yinda ham Joao Pedro so‘nggi daqiqalarda qizil kartochka olib maydonni tark etdi. Xullas “Chelsi” turnir jadvalida 8 ochko bilan i8-o‘rinda bormoqda, ammo agar yana ochko yo‘qotadigan bo‘lsa, kuchli o‘nlikdan ham pastga qulashi mumkin.

Tarkiblarga keladigan bo‘lsak, mezbonlarda yo‘qotishlar juda ko‘p. Kolvil va Delap shundog‘am anchadan beri safda yo‘q, Palmer va Tosin ham ushbu o‘yinda qatnasha olishmaydi. “Brayton”ga qarshi o‘yinda Santos ham jarohat tufayli maydonni erta tark etgandi, maydon markaziga tushishi mumkin bo‘lgan Essuguda ham jarohat bor. Trevo Chaloba esa “Brayton”ga qarshi o‘yindagi qizil kartochkasi tufayli diskvalifikatsiyaga ega. Mehmonlar tarkibida asosiy yo‘qotish albatta, darvoza chizig‘ida. Istanbuldagi o‘yinda jarohat olgan Alison katta ehtimol bilan bir oydan ko‘p vaqt mobaynida maydonga tusha olmaydi. Shuningdek Ekitikening ham bu uchrashuvga tayyor bo‘lishi so‘roq ostida qolmoqda.

O‘zaro o‘yinlarga kelsak, may oyida bo‘lib o‘tgan so‘nggi uchrashuvgacha “Chelsi” “Liverpul”ga qarshi qatorasiga 10 o‘yinni g‘alabasiz o‘tkazib kelayotgandi. Shu so‘nggi uchrashuvda “Chelsi”ning qo‘li baland keldi, ammo bu vaqtda “Liverpul” chempionlikni rasman hal qilib bo‘lganini ham ta’kidlash kerak. Ya’ni Slot shogirdlari “Chelsi” qadar bu o‘yinga jiddiy qaramagan bo‘lishi mumkin, demak muhim o‘yinlarda “Chelsi”ning g‘alabasiz seriyasi hali ham davom etmoqda, deb aytsak bo‘ladi.