Prezident Shavkat Mirziyoyev 7 oktyabr kuni Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining Gabala shahrida o‘tgan navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi.
Kun tartibiga muvofiq, tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi, amaliy sheriklikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston yetakchisi sammitda global boshqaruv tizimini chuqur isloh qilish va takomillashtirish, BMT va Xavfsizlik Kengashining rolini oshirish, shuningdek, xalqaro ishlarda rivojlanayotgan mamlakatlarning ovozini kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.
Yevroosiyo qit’asida tobora avj olayotgan, oxiri ko‘rinmayotgan mojaro va urushlar Tashkilot davlatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etildi. G‘azo sektoridagi fojia, Ukraina atrofidagi vaziyat, Eronning yadro dasturi muammosi, Afg‘onistondagi barqarorlik masalalari jiddiy xavotir uyg‘otmoqda.
O‘zbekiston rahbari jahonning qudratli davlatlarining adolatli dunyo tartibotini shakllantirish, o‘zaro ishonch va xavfsizlikni ta’minlash borasidagi intilishlari va yangi rejalarini olqishladi.
Global vaziyatni chuqur tahlil qilish va zarur qarorlar qabul qilish maqsadida TDT mamlakatlari tashqi siyosiy idoralari va maxsus xizmatlari rahbarlarining qo‘shma uchrashuvlarini o‘tkazish va bunday formatdagi birinchi yig‘ilishni kelgusi yilda Samarqand shahrida tashkil etish taklif qilindi.
Davlat rahbari o‘z nutqining asosiy qismida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishning aniq masalalariga to‘xtaldi.

Ko‘p qirrali sheriklikni kengaytirish va jadallashtirish maqsadida Turkiy davlatlar tashkilotini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha alohida "yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish taklif qilindi. Ushbu hujjatlarda quyidagi aniq yo‘nalish va chora-tadbirlarni aks ettirish zarurligi qayd etildi.
Birinchidan, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish. O‘zbekiston Prezidenti yaqin istiqbolda TDT doirasida savdo, biznes va o‘zaro investitsiyalar uchun eng qulay sharoitlar, huquqiy asos va infratuzilma yaratishni nazarda tutadigan Yangi iqtisodiy imkoniyatlar makonini shakllantirish muhimligini yana bir bor ta’kidladi.
Amaliy hamkorlikni izchil rivojlantirish va aniq loyihalarni ishlab chiqish, xususan, Turkiy investitsiya jamg‘armasi doirasidagi rejalarni kelishish maqsadida Turkiy davlatlarning iqtisodiy sheriklik bo‘yicha doimiy kengashini ta’sis etish muhimligi qayd etildi. Doimiy asosda faoliyat yuritadigan ushbu tuzilmaga Tashkilot mamlakatlari Bosh vazirlarining o‘rinbosarlari rahbarlik qilishi mumkin. Kengashning Loyiha ofisini Toshkent shahrida joylashtirish taklif etildi.















