Isroil askarlari endi shaharlarga kiruvchi yo‘llarni to‘smasligi ayon bo‘lgach, kam sonli qaytuvchilar oqimi — vayronalari sari yo‘l olgan falastinliklarning haqiqiy to‘lqiniga aylandi. Shunga qaramay, Hamas va Isroil o‘rtasidagi sulh – uzoq muddatli tinchlikka olib keladimi, degan savol ochiq qolmoqda.

10 oktabr kuni Isroil va Hamas o‘rtasida sulh kuchga kirgach minglab boshpanasiz qolgan falastinliklar G‘azoning xarobaga aylangan yerlaridan o‘zlarining vayron bo‘lgan uylariga qaytishmoqda. Bu vaqtda Isroil askarlari urushni tugatishga qaratilgan bitimning birinchi bosqichi doirasida orqaga chekina boshladi.

Foto: Reuters

Ulkan odamlar oqimi qirg‘oq yo‘li bo‘ylab, piyoda holda shimolga, anklavning eng yirik shahri — G‘azo shahri sari yo‘l oldi. Bu shahar atigi bir necha kun avval eng yirik hujumlar doirasida Isroil tomonidan bombardimon qilingan hudud edi.

«Xudoga shukr, mening uyim hanuz tik turibdi. Lekin joy butkul vayron, qo‘shnilarimning uylari vayron, butun mahallalar yo‘q bo‘lib ketgan», dedi Shayx Razvon mahallasida yashovchi 40 yoshli Ismoil Zayda Reuters bilan suhbatda.

Foto: Reuters

Janubda esa odamlar yil boshida Isroil armiyasi tomonidan yer bilan yakson qilingan ikkinchi yirik shahar Xon Yunusning vayronalari orasidan o‘tishardi. Ularning aksari jim va horg‘in edi, deydi guvohlar.

Ahmad al-Brim, yog‘och bo‘laklarini ortgan velosipedni itarib ketardi: uning oilasi ovqat pishirish uchun bu o‘tinlarga muhtoj. Bu — ularning vayron bo‘lgan uyidan olib chiqishga ulgurgan yagona narsasi edi.

«Biz o‘z hududimizga bordik. U yer butunlay yo‘q qilingan. Endi qayerga borishimizni bilmaymiz,» dedi u. «Mebellarni, kiyimlarni, hech narsani, hattoki qishki kiyimlarni ham ololmadik. Hech narsa qolmagan».