Vashington universiteti Tibbiyot maktabi huzuridagi sog‘liqni o‘lchash va baholash instituti (IHME) tomonidan o‘tkazilgan yangi tadqiqotga ko‘ra, 1950 yilga nisbatan insonlar hozirda o‘rtacha 20 yil ko‘proq yashamoqda. Izlanishlar doirasida o‘rganilgan 204 ta mamlakat va hududning barchasida o‘lim ko‘rsatkichlari kamaygan. Biroq o‘smirlar va yoshlar orasida o‘lim darajasi ortgan.
2023 yilda ayollarning o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 76,3 yilni, erkaklarniki esa 71,5 yilni tashkil qilgan. Ya’ni pandemiya davridagi qisqarishdan so‘ng, umr davomiyligi yana avvalgi — Covid’dan oldingi darajaga qaytgan.
Covid-19 2021 yilda o‘limning yetakchi sababi bo‘lgan bo‘lsa, 2023 yilga kelib u 20-o‘ringa tushgan. Yurak kasalliklari va insult esa yana dunyo bo‘yicha o‘limning asosiy sabablari sifatida birinchi o‘rinni egallagan.
Tadqiqotda aytilishicha, hozir dunyoda odamlar asosan yuqumli kasalliklardan emas, boshqa turdagi xastaliklardan vafot etmoqda. Ya’ni ilgari ko‘p uchragan qizamiq, ich surish yoki sil kabi kasalliklardan o‘limlar keskin kamaygan.
Bugungi kunda yuqmaydigan (surunkali) kasalliklar dunyo bo‘yicha barcha o‘limlarning uchdan ikki qismini tashkil etadi. Yurak kasalliklari va insultdan o‘limlar 1990 yildan beri ozaygan bo‘lsa-da, diabet, surunkali buyrak yetishmovchiligi va Alsgeymer kasalliklari bo‘yicha o‘limlar ortgan.
IHME direktori, professor Kristofer Myurrey aytishicha, dunyo aholisi tez qarib bormoqda va sog‘liq uchun xavfli omillar ham o‘zgaryapti. Bu esa global sog‘liqni saqlash tizimi uchun yangi bosqichni boshlab berdi. Unga ko‘ra, tadqiqot natijalari hukumatlar va sog‘liqni saqlash rahbarlariga ogohlantirish bo‘lishi kerak — ular o‘zgarib borayotgan sog‘liq muammolariga tez va aniq choralar ko‘rishlari zarur.
Dunyo bo‘ylab uchrayotgan kasalliklarning deyarli yarmi aslida oldi olinishi mumkin bo‘lgan xastaliklar hisoblanadi. Negaki ularning ko‘pi insonning o‘zi o‘zgartira oladigan omillar, masalan, noto‘g‘ri ovqatlanish, harakatsizlik yoki spirtli ichimlik iste’moli bilan bog‘liq.
Eng katta ta’sirga ega bo‘lgan 10 ta xavf omili orasida: yuqori qon bosimi, chekish, xolesterin miqdorining oshishi, diabet va semirish bor. 2010 yildan 2023 yilgacha odamlarning semirish darajasi 11 foizga, qon shakarining ko‘pligi esa 6 foizga oshgan. Ya’ni bu omillar sog‘liq muammolarining asosiy sababi bo‘lib qolmoqda.









