Prezident Shavkat Mirziyoyev “Anglesey Food” mas’uliyati cheklangan jamiyatining mahsulotlarni saqlash va taqsimlash markazi faoliyati bilan tanishdi.
“Yangi avlod” maxsus sanoat zonasi hududida tashkil etilgan mazkur korxona “Korzinka” do‘konlar tarmog‘i uchun mahsulotlarni saqlash, saralash va qadoqlash xizmatlarini ko‘rsatadi.
Korxona 10 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, 49 ming kvadrat metr hududiga ombor joylashtirilgan. Qurilish materiallari va muzlatkich kameralar uchun jihozlar Xitoy, Turkiya, Belarus va Rossiyadan keltirilgan.
Ushbu loyiha Markaziy Osiyodagi “A” sinfiga kiruvchi eng yirik taqsimot markazi hisoblanadi. Bir vaqtning o‘zida 145 ta darvozada tekislovchi moslamalar yuklash hamda yukni tushirish imkoniga ega. Markazda 4 xil haroratli hudud mavjud. Shu bois, mahsulotlar turiga qarab muzlatkichda, past haroratli sovitish kameralarida hamda quruq joyda saqlanadi.
Shuningdek, markazda tunu kun ishlovchi 96 ta sinov usuliga ega maxsus laboratoriya barpo etiladi. 1 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

- So‘nggi sakkiz yilda 130 milliard dollarlik xorijiy investitsiya kirib keldi, bu qanchadan qancha zavod va korxonalarga aylandi. Bugun ham yana bir katta loyiha - yangi xalqaro aeroport qurilishini boshladik. Unga Saudiya Arabistoni, Yaponiya, Koreya investitsiya kirityapti. Bu o‘z o‘zidan bo‘lmaydi. Bu - mamlakatimiz kelajagiga bo‘lgan katta ishonch belgisi, deb ta’kidladi prezident.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Toshkentning Yangihayot tumanidagi “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasida bo‘lib, alyumin qadoq ishlab chiqarish, salqin ichimliklar quyish korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Hududdagi istiqbolli loyihalardan biri “East Can Solutions” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Bu yerda alyumin qadoq ishlab chiqarish va salqin ichimliklar quyish majmuasi tashkil etildi.
Prezident loyihaning istiqboli, u yerda tayyorlanayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasi bilan tanishdi. Shu yerda loyihaga rasman start berildi. Korxona 21 gektar hududda joylashgan. Qiymati 90 million dollar bo‘lgan ushbu loyiha asosan xorijiy investitsiyalar hisobiga moliyalashtirilmoqda.
















