Denov tumanida 3 yoshli qizaloq bozorda notanish ayol tomonidan pichoqlab o‘ldirildi. Qotil ruhiy xasta bo‘lib chiqdi: taassufki, ayol avval ham bozorda o‘g‘irlik qilgan, ruhiy xasta bo‘lgani uchun sud unga tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi qo‘llagan, ijrosini esa Denov tuman IIBga yuklagandi. Ayolni ruhiy xastaxonaga joylashtirishi kerak bo‘lgan profilaktika inspektori sud ajrimini “ish stoli ustida unutib qoldiradi”. Afsuski, bu “unutish”ning oqibati uzoq kuttirmadi.

Bozordan tirik qaytmagan qizaloq

2025 yil 1 may. Ammasi bilan Denov tumanining Bobur mahallasidagi dehqon bozorga borgan 3 yoshli Oysha uyga tirik qaytmadi: bozorda notanish ayol kutilmaganda unga hujum qilib, qo‘lidagi pichoq bilan zarba berdi. Barchasi soniyalar ichida sodir bo‘ldi, qizaloq va uning qo‘lidan ushlab kelayotgan ammasi bir lahza nima bo‘lganini sezmay ham qolishdi.

Qizaloqning jarohatidan qon oqa boshladi, unga zarba bergan ayol esa qo‘lidagi pichoqni namoyishkorona bir chetga uloqtirib, voqea joyidan nari ketdi. Hodisa shu yerdagi kuzatuv kamerasiga tushib qolgandi.

Oysha olgan og‘ir tan jarohati oqibatida voqea joyida vafot etgan. Unga pichoq bilan zarba bergan ayol esa ko‘p o‘tmay qo‘lga olingan. Bu 1995 yilda tug‘ilgan, Denov tumanida yashovchi Surayyo Mamatova edi. Ayolga nisbatan qasddan odam o‘ldirish bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Keyinchalik uning ruhiy xasta ekani oydinlashgan.

Bozorda o‘g‘irlangan telefon

Aslida Oyshaning o‘limi bilan bog‘liq holat sodir bo‘lishida ruhiy xasta ayoldan tashqari yana bir aybdor bor. Uning kimligini keltirishdan avval yana bir jinoyatga e’tibor qaratish zarur. Bu 2024 yil 1 oktyabr kuni Denov tumanining Namozgoh mahallasidagi bozorda sodir qilingan o‘g‘rilik jinoyati.

Shu kuni soat 7:45 larda notanish ayol bozordagi savdo do‘koniga kirib, avvaliga fuqarolardan birining narxi 2 mln so‘mlik telefonini, so‘ngra boshqa fuqaroning narxi 600 ming so‘mlik ro‘molini o‘g‘irlaydi. Bu jinoyatni ham Surayyo Mamatova sodir qilgandi.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi va tergov harakatlari olib boriladi. Jarayonda ayolning ruhiy xasta ekani aniqlanadi. Demak Surayyo Mamatovaning ruhiy xasta ekani u Oyshani pichoqlab o‘ldirishidan 7 oy oldin ma’lum bo‘lgan.