O‘zbekiston | 13:50 / 17.10.2025
2577
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston dunyo kino yulduzlarini islom sivilizatsiyasi hikoyachisi sifatida jalb etmoqchi

Islom sivilizatsiyasi markazida O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bilan hamkorlikda 150 dan ortiq qisqa film va videoroliklarni ekspozitsiyalarda namoyish etishga tayyorlanmoqda. Loyihalarda dunyo kino va san’at yulduzlari hikoyachi sifatida ishtirok etishi kutilyapti.

Toshkentda barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazida kengaytirilgan ilmiy kengashning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda markaz faoliyatini rivojlantirish, ekspozitsiyalarni boyitish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etishga oid qator masalalar muhokama qilindi.

Yig‘ilishda Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov “Yangi O‘zbekiston — Yangi Renessans poydevori” mavzusida yaratilayotgan yangi eksponatlar haqida taqdimot qildi.

Shuningdek, markazning ma’naviy va ilmiy konsepsiyasini yorituvchi hujjatli filmlar hamda videoroliklar yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot berildi.

Hozirgacha Kinematografiya agentligi bilan hamkorlikda 150 dan ortiq qisqa film va videoroliklar tayyorlangan bo‘lib, ular markaz ekspozitsiyalarida namoyish etiladi. Kengashda ushbu videomahsulotlarni ko‘rib chiqish va qabul qilish tartibi muhokama qilindi.

“Har bir hujjatli rolik yoki videomahsulot ilmiy kengash muhokamasidan o‘tishi — uning mazmun va sifati yuksak darajada bo‘lishini ta’minlaydi. Biz har bir kadr orqali haqiqatni, tarixni va ma’rifatni namoyon etmoqchimiz”, — dedi Markaz direktori o‘rinbosari Rajab Rajabov.

Yig‘ilishda markaz faoliyatini xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga ham alohida e’tibor qaratildi. Bu yo‘nalishda CNN, BBC, Euronews kabi yetakchi telekanallar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani ma’lum qilindi.

Shu doirada dunyoga mashhur ingliz aktyori, ikki karra “Oskar” mukofoti sohibi Ben Kingsli Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi maxsus ilmiy-ma’rifiy videoloyihada hikoyachi sifatida ishtirok etmoqda. U o‘z ijodiy faoliyatida “Gandi”, “Shindler ro‘yxati”, “Tabib. Ibn Sinoning shogirdi”, "Fors shahzodasi" kabi filmlardagi rollari bilan jahon kinosan’atida katta obro‘ qozongan. Ayniqsa, “Tabib”dagi Ibn Sino obrazi uning nomi bilan uzviy bog‘lanib qolgan.

Shuningdek, yuz nafar buyuk o‘zbek allomalari haqida Euronews va CNN formatlarida kreativ videoloyihalar tayyorlash rejalashtirilgan. Bu media-tashabbuslar orqali O‘zbekistonning tarixiy shaxslari, kashfiyotlari va zamonaviy fan asoschilari haqida butun dunyoga hikoya qilinadi.

Loyihalarda Morgan Friman, Denzel Vashington, Mel Gibson, Burak Ozchivit, Anjyelina Joli va Ben Kingsli kabi jahon yulduzlarining hikoyachi sifatida ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Ben Kingsli ovozi orqali yangrayotgan videoloyiha Islom sivilizatsiyasi markazining tarixiy ahamiyati va ma’rifiy missiyasini dunyo jamoatchiligiga yetkazishga xizmat qiladi.