Ijtimoiy tarmoqlarda tabriklash xizmati uchun “mualliflik huquqi” olingani, “jigar” so‘zi esa “patentlangani” haqida videolar tarqaldi. “Kim ruxsatimizsiz bizning g‘oyamizni ishlatib tabrikchilik sohasini davom ettirsa, javobgarlikka tortiladi”, deydi bir video muallifi. Kun.uz muhokamalarga sabab bo‘lgan holat yuzasidan savollar bilan Adliya vazirligiga murojaat qildi.
Vazirlik bo‘lim boshlig‘i Sharof Abdumalikovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda “patent” tushunchasi faqat to‘rtta intellektual mulk obektiga: ixtiro, foydali model, sanoat namunasi va celeksiya yutug‘i obektlariga nisbatan ishlatiladi.
“Lekin ayrim shaxslar tomonidan mualliflik va turdosh huquqdagi obektlarga nisbatan ham “patent” tushunchasi ishlatilib kelinmoqda. Lekin bu aslida qonuniy qilib aytadigan bo‘lsak, noto‘g‘ri. Chunki mualliflik va turdosh huquq obektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaydi. Ularni himoya qilish uchun davlat ro‘yxatidan o‘tkazish shart emas. Shuning uchun ham umumiy intellektual obektlarimizni ikki turga bo‘lamiz. Birinchi turi – sanoat mulk obektlari, ikkinchi turi – mualliflik va turdosh huquq obektlari. Sanoat mulk obektlarining mualliflik huquqi obektlaridan asosiy farqi shundaki, sanoat mulk obektlarida, albatta, ular patent yoki boshqa turdagi guvohnoma shaklidagi muhofaza hujjatini olishlari shart, davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan holda. Mualliflik va turdosh huquq obektlarida esa shart emas. Ular yaratilish fakti bilan huquqiy himoyaga ega bo‘ladi”, dedi Abdumalikov.
Xo‘sh, qaysidir bir yo‘nalishni ham patentlab olish mumkinmi o‘zi? Sharof Abdumalikovning aytishicha, yo‘q, bunaqasi bo‘lmaydi.
“Ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgan bir video chiqdi. Bir tadbirkor: “Tabrik yo‘nalishini men patentladim, bu yo‘nalish bo‘yicha faqat men shug‘ullanishim mumkin”, degan bir tushuncha bilan murojaat qilib chiqdi. Qonunchilikka muvofiq, deylik, siz jurnalistika yo‘nalishida yoki kimdir mahsulot ishlab chiqarish yo‘nalishida, kimdir ta’lim yo‘nalishida, har xil yo‘nalishlarda faoliyat yuritishi mumkin, aytaylik, u o‘z brendini himoya qilishi mumkin, lekin u to‘liq o‘sha yo‘nalishni egallab olishi yoki boshqa shaxslarning aynan shu yo‘nalish bilan shug‘ullanishini taqiqlashi bo‘yicha qandaydir davlat hujjati yoki davlat tomonidan beriladigan muhofaza hujjati mavjud emas va bu noto‘g‘ri tushuncha”, deydi u.
Adliya vazirligi mutaxassisiga ko‘ra, bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda chiqib: “Biz sizning brendingizni patentlab beramiz” deyotganlarning birortasida brendni patentlash vakolati yo‘q. Ular faqatgina sizga davlat ro‘yxatidan o‘tishda va hujjatlarni rasmiylashtirishda yordam beruvchi xususiy tadbirkorlar hisoblanadi.













