«Jadal kompleks rivojlantirish uchun tanlab olingan tumanlar va shaharlarda mahalliy boshqaruv organlarini optimal joylashtirish orqali ularning bino va inshootlari o‘rnida biznes loyihalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hukumat qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra:

- 16 ta tuman va shaharning 2025-2026 yillarda jadal kompleks rivojlantirish dasturlari;

- bir joyda optimal joylashtiriladigan tuman va shahar mahalliy boshqaruv organlari ro‘yxati tasdiqlandi.

Qarorda 16 ta tuman va shaharda yangi ma’muriy binolar qurilishi belgilangan. Ularning 1- va 2-qavatlari ustuvor ravishda savdo va servis faoliyatini amalga oshirish uchun belgilangan tartibda E-auksion elektron savdo platformasida elektron onlayn-auksion savdolari orqali ijaraga beriladi.

Tuman va shaharlar mahalliy boshqaruv organlari uchun yangi ma’muriy binolarning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, qurilish-montaj va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish doirasida:

- buyurtmachilar etib – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzuridagi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi belgilandi;

- bosh loyiha va bosh pudrat tashkilotlari qonunchilikda belgilangan tartibda aniqlanadi.

Bunda yangi ma’muriy binolarning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, qurilish-montaj va obodonlashtirish ishlarini 2026 yil 1 dekabrga qadar yakunlash belgilab qo‘yildi.