O‘FAning ma’lum qilishicha, “Navbahor lochinlari”, «Neftchi», «Andijon», «Xorazm», «Buxoro», «Qumqo‘rg‘on-1977», «TerDU» futbol klublari qo‘mita qarorlarida belgilangan majburiyatlarni to‘liq bajarmasdan kelayotgani aniqlandi.
Jumladan, “Navbahor lochinlari” futbol klubi futbolchilar Jamshid Iskanderov, Ibrohim Yo‘ldoshev, Diyorjon Turopov, Odil Hamrobekov, Abror Ismoilov, Shahzodbek Ubaydullayev, shuningdek murabbiy Muhiddin Ortiqov oldidagi qarzdorlikni to‘liq bartaraf etmagan. «Neftchi» futbol klubi esa futbolchilar Azizbek Amonov, Manuchehr Safarov, Shohruh Gadoyev oldidagi majburiyatni to‘liq bajarmagan.
Shuningdek, «Andijon» klubining «Paxtakor» va «Bunyodkor» futbol klubi oldidagi mashg‘ulot kompensatsiyasi hamda transfer shartnomalari bo‘yicha qarzdorligi mavjud. «Xorazm» va «Buxoro» futbol klublari ham «Paxtakor» futbol klubi oldidagi mashg‘ulot kompensatsiyasi bo‘yicha qarzdorligini bartaraf etmagan.
Bundan tashqari, «Qumqo‘rg‘on-1977» futbol klubi futbolchi Orzu Razzoqov oldidagi, «TerDU» futbol klubi futbolchilar Sarvar Husanov va Farrux Haydarovlar oldidagi qarzdorliklar bo‘yicha moliyaviy majburiyatlarini bajarmay kelmoqdalar.
Qarzdorlik bartaraf etilmagani sababli qo‘mita tomonidan 2025 yilgi mavsumda qishki transfer oynasida “Navbahor lochinlari” va «Neftchi» futbol klublariga keyingi ikki ro‘yxatdan o‘tkazish davrida milliy va xalqaro miqyosda yangi futbolchilarni Liga ro‘yxatidan o‘tkazishga taqiq qo‘yilgan. Keyinchalik, Namangan viloyati hokimligi hamda Farg‘ona viloyati hokimligi tomonidan qarzdorlikni to‘liq bartaraf etish bo‘yicha kafolat xatlari taqdim etilgani hamda futbolchilar bilan tuzilgan qarzdorliklarni qoplanishi bo‘yicha kelishuvlari inobatga olinib, qishki transfer oynasidagi taqiq vaqtincha olib tashlangan. Shu asosda qarzdorliklar qisman to‘langan bo‘lsada, klublar tomonidan belgilangan muddatlarda to‘liq to‘lovlar amalga oshirilmagan.
Mazkur futbol klublari qarzdorlikni belgilangan muddatda bartaraf etmagani uchun ularga nisbatan jarima intizom choralari qo‘llangan, shundan keyin ham qarzdorlik bartaraf etilmagan.
Futbolchilarning maqomi va transferi bo‘yicha reglamentga muvofiq, klublar futbolchilar va boshqa klublar oldidagi moliyaviy majburiyatlarni, shuningdek, professional futbolchilar bilan imzolangan shartnomalar va transfer kelishuvlarida nazarda tutilgan talablarni o‘z vaqtida bajarishi shart. Mazkur moddaning 6-bandida esa moliyaviy majburiyatlarning takroriy ravishda buzilishi og‘irlashtiruvchi holat sifatida baholanib, yanada qat’iyroq jazo choralari qo‘llanilishi belgilangan.






