Jahon | 11:30 / 27.10.2025
3322
2 daqiqa o‘qiladi

KIP Turkiyadan qurolli tuzilmalarini chiqarayotganini e’lon qildi

KIP o‘z qurolli guruhlarini Turkiya hududidan chiqarayotganini va bu qadam Anqara hukumati bilan tinch yo‘l bilan tartibga solish jarayoni doirasida amalga oshirilayotganini ma’lum qildi. Anqarada mazkur qadam qo‘llab-quvvatlandi.

Foto: Sterk tv

Kurdiston ishchi partiyasi (KIP) o‘z qurolli tuzilmalarini Turkiya hududidan chiqarishini e’lon qildi. Partiya rahbariyatining bu haqdagi bayonoti yakshanba, 26 oktyabr kuni partiyaga yaqin ANF axborot agentligi orqali ochiqlandi. Hujjatda qurolli tuzilmalar Iroqning shimoliga ko‘chirilishi tasdiqlangan.

Mazkur qadam KIP va Turkiya hukumati o‘rtasidagi tinchlikka erishish jarayoni doirasida qo‘yilgani urg‘ulangan. Bayonotda Anqara hukumatini tinchlik kelishuvlaridagi majburiyatlarini bajarishga va kurdlarni integratsiya qilish bo‘yicha qonunlar qabul qilishga chaqiruv ham bor.

Turkiyada hokimiyatdagi "Adolat va taraqqiyot" partiyasi (ATP) KIP qurolli tuzilmalarining mamlakat hududidan chiqarilishi haqidagi xabarni «terrorizmga qarshi kurash yo‘lida muhim bosqich» sifatida olqishladi.

May oyida KIP rahbariyati partiyaning tashkiliy tuzilmasini tugatish va partiya rahbari, Marmar dengizidagi turk orolida umrbod qamoq jazosini o‘tayotgan Abdulloh Ojalan chaqirig‘iga muvofiq «qurolli kurash usullaridan foydalanishni to‘xtatish» haqida qaror qabul qilganini xabar qilgan edi. Iyul oyida esa Kurdiston ishchi partiyasi qurolsizlanish jarayonini boshladi.

Kurdiston ishchi partiyasi 1978 yilda Turkiyada tuzilgan. U Turkiya davlatiga qarshi va kurdlar huquqlari yo‘lida kurash olib boradi. AFP agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, KIP bilan turk armiyasi o‘rtasidagi harbiy to‘qnashuvlar davomida taxminan 45 ming kishi halok bo‘lgan. Otishmani to‘xtatish 2013 yilda e’lon qilingan bo‘lsa-da, 2015 yil yozida tinchlik jarayoni to‘xtab qolgan.

Germaniyada KIP 1993 yildan beri ekstremistik tashkilot sifatida tan olingan. Shuningdek, u AQSh, YeI, Buyuk Britaniya, Kanada va Avstraliya tomonidan terroristik tashkilot deb hisoblanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid