Bugun futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati haqida gaplashamiz. Yana to‘rt tur o‘yinlaridan keyin chempion nomi aniqlanadi. Chempionlik uchun asosiy da’vogar «Neftchi» nihoyat «Nasaf»dan o‘zib ketdi. Ro‘ziqul Berdiyev jamoasi ham ketma-ket chempionlikdan umid uzgani yo‘q. «Paxtakor» esa ikki favoritni zimdan kuzatib, oxirida chempionlikni ilib ketishi mumkin. Quyida shu haqda.
Asosiy favorit – «Neftchi»
Chempionat boshlanishidan avvalroq g‘oliblik uchun asosiy da’vogar «Neftchi» ekani aniq edi. Chunki Farg‘ona klubi mavsum oralig‘ida «oldi-orqasiga qaramay» kuchli transferlarni amalga oshirdi. Tarkibda shunchalik futbolchi ko‘payib ketdiki, Zoran Marushich va Vladimir Yovovich kabi boshqa klublar orzu qiladigan legionerlar zaxirada qolib ketdi. Davralar oralig‘ida shuncha futbolchi ustiga klub Kojo Joel, Alisher Odilov va Silvanus Nimeli kabi kuchli hujumchilarni sotib oldi.
«Bunaqa tarkib bilan chempion bo‘lmaslik uyat», deya boshladi muxlislar. Mavsum oxiriga kelib tojikkistonlik Vitaliy Levchenko murabbiyligidagi «Neftchi» chindan yengilmas jamoaga aylandi: oxirgi o‘nta o‘yindan to‘qqiztasini yutdi, oxirgi marta faqat Toshkentda «Paxtakor»ga yutqazdi. «Neftchi» so‘nggi o‘yinlarda gol ham o‘tkazmayapti.
26-turda «Neftchi» G‘uzorda autsayder «Sho‘rtan»ni yengdi, amaldagi chempion «Nasaf» Olmaliqda ochko yo‘qotdi. Hozir ikki jamoaning ochkolari teng, lekin qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra farg‘onaliklar birinchi o‘ringa ko‘tarildi.
Shu yerda bir gapni aytib o‘tmasak bo‘lmaydi. «Neftchi» juda ko‘p transferlar qildi, kuchli legionerlar olib keldi, lekin jamoaga natija qilib berayotgan eng asosiy futbolchi o‘zbek futbolining takrorlanmas pleymeykeri Jamshid Iskanderov bo‘lmoqda. To‘g‘risi, «Neftchi» o‘yini Levchenkoning uslubiga xos tarzda himoyaga asoslangan, jamoa chiroyli, hujumkor o‘yin ko‘rsatishi bilan maqtana olmaydi. Lekin mana shunday «yopiq jamoada» Jamshiddek top futbolchi borki, birgina uzatma bilan o‘yin taqdirini hal qilib yuboryapti. Bunday yigitlar borligi futbolimiz uchun katta omad aslida.
Taqvim: yana «Neftchi» ustun
Superligada jamoalar yana to‘rttadan o‘yin o‘tkazadi. «Dinamo» va «Andijon»ning qolganlardan bitta ko‘proq o‘yini bor. Keling, «Nasaf» va «Neftchi»ning keyingi o‘yinlarini taqqoslasak. To‘g‘risini aytish kerak, keyingi o‘yinlarda «Neftchi»ning imkoniyati yaxshiroq, chunki Levchenko jamoasi taqvimning eng murakkab qismidan ketma-ket g‘alabalar bilan chiqib keta oldi.






