Jahon | 09:00 / 30.10.2025
3334
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp yadroviy qurol sinovlarini darhol tiklashni buyurdi

AQSh Mudofaa vazirligiga yadroviy qurol sinovlarini boshlash topshirildi. Trampning bu bilan to‘liq portlatishlar, yetkazib berish vositalarini sinash yoki subkritik sinovlarni nazarda tutgani hozircha aniq emas. AQSh 1992 yildan beri portlatishlarni amalga oshirmagan.

Foto: Chip Somodevilla / Getty Images

Donald Tramp Pentagonga yadroviy qurol sinovlarini boshlashni buyurganini bildirdi. “Boshqa davlatlar sinov dasturlarini o‘tkazayotgani sababli, men Mudofaa vazirligiga yadroviy qurolimizni paritet asosida sinashni boshlashni topshirdim. Bu jarayon darhol boshlanadi”, — deb yozdi AQSh prezidenti Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida 30 oktyabrga o‘tar kechasi.

Trampning aytishicha, hozir AQShda “boshqa istalgan mamlakatga nisbatan ko‘proq yadroviy qurol” mavjud. “Rossiya — ikkinchi o‘rinda, Xitoy — katta farq bilan uchinchi. Lekin u besh yil ichida bizga tenglashadi”, — deb qo‘shimcha qildi respublikachi.

Rossiya va AQShdagi yadroviy kallaklar soniga oid ochiq ma’lumotlar har xil, ammo umuman, ularning zaxiralari deyarli bir xil. Bundan tashqari, yadroviy arsenallarni baholashda faqat kallaklar soni emas, balki ularni yetkazib berish vositalari miqdori ham hisobga olinadi.

Hozircha Donald Tramp to‘liq yadroviy portlatishlarni, yetkazib berish vositalarini sinashni yoki o‘zagi portlamaydigan, lekin kallakni tekshirishga qaratilgan subkritik sinovlarni nazarda tutgani aniq emas.

AQSh 1992 yildan beri to‘liq yadroviy sinovlarni o‘tkazmagan. Vashington 1996 yilda Yadroviy sinovlarni to‘liq taqiqlash to‘g‘risidagi shartnomani imzolagani holda, uni ratifikatsiya qilmagan. Shundan beri AQSh Nevada poligonida yerostida subkritik yadroviy sinovlarni o‘tkazib kelmoqda.

Moskva so‘nggi yadroviy sinovni hali SSSR mavjud bo‘lgan 1990 yilda o‘tkazgan. Rossiya Yadroviy sinovlarni to‘liq taqiqlash to‘g‘risidagi shartnomani imzolagan va ratifikatsiya qilgan, ammo 2023 yilda imzosini qaytarib olgan. Bu vaqtga qadar AQSh Rossiyani yadroviy sinovlar bo‘yicha moratoriyni buzganlikda ayblab kelgan.

So‘nggi kunlarda Vladimir Putin avval yadroviy energetik qurilmaga ega cheklanmagan masofaga uchadigan “Burevestnik” qanotli raketasini, so‘ngra — yadroviy energetik qurilma bilan jihozlangan “Poseydon” suvosti pilotsiz apparatini sinash haqida bayonot berdi. Shu bilan birga, Rossiyaning to‘g‘ridan to‘g‘ri yadroviy qurol sinovlari o‘tkazgani e’lon qilinmagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid