Sirskiy ma’lum qilishicha, rossiyaliklar Pokrovsk–Mirnograd hududida faollikni oshirgan: piyoda qismlar jangdan qochish maqsadida Pokrovsk shahridagi turar joy muhitiga joylashib, manzillarini tez-tez almashtirmoqda. Ukraina bo‘linmalari uchun birinchi darajali vazifa — dronlar yordamida ham dushmanning kichik jangovar guruhlarini aniqlab, yo‘q qilish.
Bosh qo‘mondon armiya korpuslari, qism va bo‘linmalar qo‘mondonlari bilan uchrashganini, ular son jihatidan ustun bo‘lgan Rossiya kuchlarini to‘xtatib turganini ta’kidladi: «Pokrovsk yo‘nalishida mudofaa barqarorligini kuchaytirish ustida ishlayapmiz», — dedi u.
Sirskiy, shuningdek, Dobropolsk yo‘nalishida operatsiya davom etayotganini qayd etdi: Ukraini hujumkor bo‘linmalari yana 200–550 metr olg‘a siljigan, umumiy hisobda esa Rossiya bosqini davrida ishg‘ol etilgan 186,8 km² hudud ozod etilgan.
Bungacha Rossiya Bosh shtabi rahbari Valeriy Gerasimov prezident Vladimir Putinga Pokrovsk va Kupyansk yo‘nalishlarida «qamalni yakunlagani» to‘g‘risida axborot bergan, go‘yoki birinchi uchastkada 5,5 ming, ikkinchisida esa 5 ming ukrain harbiysi qamalda ekani aytilgan edi.
Shundan so‘ng Ukraina Bosh shtabi Pokrovskda 200 nafarcha rossiyalik harbiy borligini tasdiqladi. Qo‘mondonlikka ko‘ra, bu yo‘nalishdagi vaziyat «hanuz og‘ir»: «dushman soni bo‘yicha ustun va hujum faolligini oshirmoqda». Mahalliy nuqtada yonma-yon pozitsiyalar orasidagi hududdan foydalanish hamda kichik piyoda guruhlar yig‘ilishi kuzatilmoqda, aholi yashaydigan punktda otishmalar davom etmoqda, dron bo‘linmalari faol ishlayapti.
















