Muzokaralar davomida elektron tibbiyot (e-health) yechimlarini bosqichma-bosqich joriy etish, tibbiy ma’lumotlar aylanmasini yagona raqamli platformaga o‘tkazish, «elektron yo‘llanma», «elektron retsept», navbatga yozish kabi xizmatlarni raqamlashtirish muhokama qilindi. Shuningdek, majburiy tibbiy sug‘urta tizimining huquqiy-tashkiliy asoslarini takomillashtirish, to‘lov va tarifikatsiya mexanizmlari, provayderlar bilan shartnoma munosabatlarini yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar ekspertlar darajasida tajriba almashish, pilot hududlarni belgilash va «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqishga kelishib oldi. Loyihalar sifatida axborot tizimlarining o‘zaro integratsiyasi, ma’lumotlar xavfsizligi va patsiyentlar uchun qulay interfeysni ta’minlash ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etildi.