Bugungi «Liverpul»ning yuzlaridan biri, Argentina milliy jamoasi yarimhimoyachisi Aleksis Makallister mashhur ThePlayersTribune portaliga o‘z hayot hikoyasini aytib berdi. «Brayton»dagi qiyinchilik davri, Argentina bilan jahon chempionligi, «Liverpul»dagi jamoadoshlari, Yurgen Klopp bilan suhbat va yana bir qator qiziqarli voqealardan iborat hikoyani e’tiboringizga havola qilamiz.

 Men onamni qattiq quchoqlashim kerak. U bo‘lmaganda, buning hech biri bo‘lmasdi. Men APL chempioni bo‘lmasdim, jahon chempionligini ham ko‘rmasdim, balki, ismimni ham bilmas edingiz.

2020 yil dekabrida men Braytondagi kvartirada yolg‘iz o‘tirgan vaqtimda onam Buenos-Ayresda edi. FaceTime orqali gaplashyotganimizda yig‘laganim esimda, o‘zimni yo‘qotib qo‘ygandim.

– Oyi, tamom, – dedim. – Qaytib ketaman, bu yerda ortiq qola olmayman.

O‘sha paytda men deyarli o‘ynamayotgandim. Aslida menda Premiyer liga jamoasining 10-raqami bor edi: o‘sha Argentinadagi minglab bolalarning orzusi. Lekin ular orasida men hech kim edim, mening nomim hech narsa anglatmasdi. O‘zimni la’natlanganday his qilardim.

2020 yil boshida Boka Xuniorsdan Angliyaga keldim. Birinchi o‘yinda zaxiradan maydonga tushdim. Ammo, sal keyinroq kovid sababli hammasi barbod bo‘ldi. Hammayoq yopildi, na futbol bor edi va na do‘stlar. Eng yomoni esa men tilini bilmaydigan mamlakatda yashayotganim edi, shu sababdan ham  Zoom orqali ingliz tilini o‘rganishni boshladim.

Bu paytlarda hayotim juda zerikarli va tushkun kayfiyatda o‘tganini aytishim kerak. Biz futbolchilar tezda katta bo‘lib qolamiz, deyishadi. Lekin aslida esa katta bo‘lishimizga yetarlicha narsalarni bilmaymiz. Men har kuni onamga qo‘ng‘iroq qilib, gaz plitasini qayerdan yoqishni, kir yuvish mashinkasiga qancha sovun solishni so‘rardim. Yolg‘iz bo‘lish, o‘yinsiz qolish insonni anchagina gangitib qo‘yadi. Buni hech kimga aytmaganman, lekin men Rodjyestvoda bu yerdan ketishga tayyor edim, yuklarimni tayyorlab qo‘ygandim. Ikkita taklif bor edi – biri Rossiyadan, ikkinchisi Ispaniyadan. Shunchaki ketaman deb qaror qilgandim.