Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Giyohvandlik va narkojinoyatlarning oldini olish bo‘yicha milliy dastur loyihasi ma’qullandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 3 noyabr kuni millat genofondini giyohvandlikdan himoya qilish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Taqdimotda ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda yil boshidan 11 mingdan ziyod narkojinoyat aniqlanib, 2,5 tonnaga yaqin giyohvand moddalar ushlandi.
Yig‘ilishda sohadagi mavjud salbiy tendensiyalar tahlil qilindi. Jumladan, iste’moli oson, yashirish va tarqatish qulay dori shaklidagi psixotrop va sintetik moddalar an’anaviy narkotiklar o‘rnini egallamoqda, ularning tarqalishi asosan yoshlar orasida yuz bermoqda, sintetik narkotiklar yashirin narkolaboratoriyalarda tayyorlanib, internet orqali kontaksiz shaklda o‘tkazilmoqda, narkotiklarni tarqatish manbasi bo‘lgan uyushgan jinoyatchilik transchegaraviy xususiyatga ega.

– Shu bois, milliy qonunchiligimizga mana shunday xavf-xatarlarning oldini olish, ularga qarshi ayovsiz kurashish, bunday illatni tag-tomiri bilan yo‘qotishga qaratilgan normalarni kiritish vaqti keldi, – dedi davlat rahbari.
Mutasaddilar narkotiklarning noqonuniy aylanishiga barham berish bo‘yicha reja va takliflarini taqdimot qildi. Jumladan, aholi salomatligi va millat genofondini ushbu xavfdan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar hamda mexanizmlar taklif sifatida kiritildi.
Bunda o‘quvchi va talabalar orasida narkotiklarning tarqalishiga batamom chek qo‘yish, yoshlarda bu illatga murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan ta’sirchan amaliy harakatlarni amalga oshirishni barcha mas’ul organlar va tashkilotlarning ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilash zarurligi alohida qayd etildi.

Birinchi navbatda, yoshlar orasida narkotiklarning noqonuniy aylanmasiga jinoiy-huquqiy mexanizmlar orqali qat’iy barham berish hamda yoshlarga nisbatan sodir etiladigan narkojinoyatlar uchun javobgarlikni og‘irlashtirish, narkotiklarni internet orqali tarqatish, uyushgan guruhlar va narkolaboratoriyalar, ularga rahnamolik qilayotgan mansabdor shaxslarni aniqlash va chek qo‘yishga qaratilgan keng qamrovli tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatini yo‘lga qo‘yish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shuningdek, voyaga yetmagan va yoshlar orasida giyohvandlikning diagnostikasi, davolash va tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiyasi tizimi tubdan takomillashtiriladi.
Taqdimotda 100 dan ziyod tezkor-profilaktik, tashkiliy-tarbiyaviy, targ‘ibot-tashviqot chora-tadbirlarini nazarda tutuvchi Giyohvandlik va narkojinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda ularga qarshi kurashish bo‘yicha 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan kompleks amaliy harakatlar milliy dasturi loyihasi davlat rahbari tomonidan ma’qullandi hamda bu borada uzluksiz ishlash tizimini joriy etish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
Mavzuga oid
12:37
Shavkat Mirziyoyev ishtirokida yangi energetika quvvatlarini ishga tushirish marosimi o‘tkaziladi
18:54 / 04.12.2025
Sirdaryo viloyatida Xitoy bilan hamkorlikda avtomobil ishlab chiqariladi
18:29 / 04.12.2025
Gulistondagi portlashda halok bo‘lganlar oilasiga 100 mln so‘mdan beriladi
17:56 / 04.12.2025