O‘zbekiston | 11:32 / 03.11.2025
1867
2 daqiqa o‘qiladi

Pirotexnika bo‘yicha davlat nazorati va jarimalar oshiriladi

Senatning o‘n birinchi yalpi majlisida “Pirotexnika buyumlarining muomalasi to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqilib, ma’qullandi. Hujjat pirotexnika vositalari ta’rifi, xavflilik sinflari, aylanma tartibi va davlat nazoratini aniq belgilaydi, shuningdek ma’muriy jazolarni keskin oshiradi.

Foto: iStock

Senatorlar ta’kidlaganidek, pirotexnika vositalarining qonunga xilof muomalasiga qarshi choralar tizimli ravishda kuchaytirilmoqda. Biroq chetdan noqonuniy olib kirish holatlarini to‘liq cheklash qiyin bo‘lgani uchun cheklov va tartiblarga qonun darajasida aniqlik kiritish zarurati tug‘ilgan.

Qonunga ko‘ra, pirotexnika buyumlari — pirotexnik tarkibning yonishi/portlashi orqali optik, akustik, elektr va boshqa vizual effektlar hosil qiladigan qurilmalar — xavflilikning I–V sinflariga ajratiladi.

Xavflilikning I sinfi (bengal mayoqchalari, stol fontanlari, “xlopushka” va h.k.) — xavf radiusi 0,5 m gacha — erkin muomalada. Ishlab chiqarish, saqlash va foydalanishga taqiq yo‘q.

II sinf (masalan, petardalar; xavf radiusi 5 m gacha) — fuqarolar va yuridik shaxslar uchun muomala to‘liq taqiqlanadi.

II–V sinflar uchun jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ishlab chiqarish, olib kirish, tashish, saqlash, sotish va foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi. Lekin davlat ishtirokidagi mudofaa sanoati korxonalariga ushbu amaliyotlar ruxsat etiladi.

III–V sinflar — mushakbozlikka mo‘ljallangan ommaviy tadbirlarda, II–V sinflar — sanoat va harbiy maqsadlarda foydalanilishi mumkin.

Davlat nazorati Milliy gvardiya, ichki ishlar va bojxona organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 185¹-moddasiga muvofiq, noqonuniy foydalanish uchun jarima amaldagi 5–20 BHMdan 15–25 BHMgacha oshirilmoqda.

Senatorlar mazkur hujjat pirotexnika vositalarini olib kirish, ishlab chiqarish, tashish, saqlash va foydalanish sohasida samarali davlat nazoratini yo‘lga qo‘yish, noqonuniy aylanmani cheklash hamda iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga xizmat qilishini qayd etdilar. Qonun Senat tomonidan ma’qullandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid