Serb futbolida fojia ro‘y berdi. Mamlakat Superligasining 14-turi doirasida «Mladost Luchani» va Kraguyevatsning «Radnichki 1923» jamoalari o‘rtasidagi o‘yin vaqtida mehmonlar jamoasi bosh murabbiyi, bosniyalik mutaxassis Mladen Jijovich vafot etdi. Murabbiy 44 yoshda edi.

Jijovich birinchi bo‘lim o‘rtalarida yon chiziq oldida turganida kutilmaganda yiqilib tushgan. Bu vaqtda uning shogirdlari 2:0 hisobida oldinda borayotgandi. Tibbiyot xodimlari yordamga shoshilgan va murabbiyni jonlantirishga harakat qilgan. Murabbiy tez yordam mashinasida olib ketilgan, ammo shifoxonaga ketishda uning joni uzilgan.

Murabbiy olib ketilganidan keyin o‘yin davom ettirilgan, ammo 41-daqiqada baribir to‘xtatilgan, chunki futbolchilar va klublar xodimlari karaxt ahvolda edi. Bu vaqtda stadionga murabbiyning vafoti haqida xabar yetib kelgandi. Ayrim futbolchilar dahshatga tushib, boshini changallab qolgan.

Novosti.rs xabariga ko‘ra, murabbiy o‘yin kuni ko‘ngil aynishidan shikoyat qilgan, biroq hech kim bunga ahamiyat bermagan. Bundan tashqari, nashrning yozishicha, bosniyalik mutaxassis stadionning o‘zida jon berib ulgurgandi. Shifokorlar hozircha o‘lim sababini aytishmayapti, biroq murabbiyda yurak xuruji kuzatilgani taxmin qilinmoqda.

Serbiya aza tutmoqda

Jijovichning o‘limi haqidagi xabar Serbiya uchun katta zarba bo‘ldi – mamlakat qayg‘uda. Birinchi bo‘lib raqib jamoa ustozi Neshko Milovanovich hamdardlik bildirdi.

«Uch farzand otasidan ayrildi, bu juda katta qayg‘u. U ajoyib mutaxassis edi, lekin birinchi navbatda erkak va ota edi. Juda afsusdaman, hamdardlik bildiraman», – dedi Milovanovich.

Stadionda Jijovichning o‘limi haqidagi xabar e’lon qilingan paytda olingan kadrda Neshko chuqur shok holatiga tushganini ko‘rish mumkin.

«Radnichki» klubi ham muxlislarga shunday murojaat qildi: «Afsus bilan jamoatchilikka, muxlislarga va barcha do‘stlarga shuni ma’lum qilamizki, bugungi o‘yin paytida bizning Mladen Jijovich vafot etdi.

Klubimiz nafaqat buyuk professionalni, balki birinchi navbatda yaxshi insonni, do‘stni va sportchini yo‘qotdi, u o‘zining bilimi, g‘ayrati va olijanobligi bilan uni bilganlarning qalbida chuqur iz qoldirdi.