AQShning Luisvill shahrida United Parcel Services kompaniyasining yuk samolyoti qulashi oqibatida yerda yana 11 kishi jarohat oldi, deb xabar berdi Kentukki gubernatori Endi Beshir.

Avvalroq gubernator uch kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgandi. «Menimcha, bu raqam o‘sib boradi. Videodagi kadrlarni ko‘rgan har bir kishi bu falokat qanchalik dahshatli bo‘lganiga amin bo‘ladi», – dedi u jurnalistlarga.

UPS ma’lumotlariga ko‘ra, MD-11 bortida ekipajning uch nafar a’zosi bo‘lgan.

WLKY telekanali halokat ro‘y bergan vaqtda olingan kadrlarni namoyish etdi – unda samolyot havoga ko‘tarilganida qanoti yonayotganini, yerga urilganda esa ulkan olovli shar hosil bo‘lganini ko‘rish mumkin. Quyosh botishi arafasida sodir bo‘lgan halokat tufayli aeroportga tutash sanoat zonasida davomli yong‘inlar yuzaga keldi, deb yozadi Reuters.

Samolyot parchalari ikkita uchish-qo‘nish yo‘lagi bo‘ylab sochilib ketgan. Gubernatorning so‘zlariga ko‘ra, yerda bir necha kishi jiddiy jarohat olgan.

Samolyot qulaganidan keyin aeroport hududida kuchli yong‘in boshlanib, katta hududni qamrab oldi.

Federal fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, halokatga uchragan samolyot 34 yil avval ishlab chiqarilgan. U mahalliy vaqt bilan 17:15 atrofida halokatga uchragan.

Samolyot Havayiga uchishi kerak edi. Gonolulugacha 8,5 soatlik parvoz uchun u 38 ming gallon yonilg‘i (taxminan 144 ming litr) bilan to‘ldirilgandi.

Luisvill aeroportida UPS Worldport – kompaniyaning yuk aviatashuvlari bo‘yicha global markazi va dunyodagi eng yirik jo‘natmalarni qayta ishlash markazi joylashgan.

Rasmiylar aeroportdan 8 km radiusdagi barcha aholi punktlari aholisi uchun o‘zini izolyatsiya qilish to‘g‘risida buyruq chiqardi. «Jabrlanganlar ko‘p, yong‘in davom etmoqda. Bu hududda ko‘plab yo‘llar to‘sib qo‘yilgan – iltimos, voqea joyidan uzoqroq bo‘ling», – deya iltimos qilgan Luisvill shahri meri Kreyg Grinberg.

O‘t o‘chiruvchilar hozircha yong‘inni o‘chira olmayapti

McDonnell Douglas MD-11F – Amerikaning McDonnell Douglas firmasi tomonidan ishlab chiqilgan uzoq masofali transport samolyoti bo‘lib, asosan FedEx Express, Lufthansa Cargo va UPS Airlines tomonidan yuk tashish uchun ishlatiladi.