Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQShda hukumat “shatdauni” 36 kunga yetdi - tarixiy rekord
AQShda 1 oktyabrda boshlangan budjet inqirozi tufayli davlat idoralari ishi 36 kundan beri qisman yoki to‘liq to‘xtab turibdi - bu mamlakat tarixida eng uzoq “shatdaun”. 750 mingga yaqin xizmatchi maoshsiz ta’tilda, siyosiy kelishuv esa hali noaniq.
Foto: Elizabeth Frantz/Reuters
1 oktyabrda boshlangan AQShdagi hukumat “shatdauni” (budjet navbatdagi moliya yiliga qabul qilinmagani oqibatida davlat idoralari ishi va moliyalashtirilishi vaqtincha to‘liq yoki qisman to‘xtab qolishi holati) 5 noyabr holatiga 36 kunga yetdi — bu mamlakat tarixidagi eng uzoq davom etgan to‘xtash. Hozircha uni tugatish uchun zamin yo‘q.
Avvalgi, 35 kun davom etgan “shatdaun” 2018 yil 22 dekabrda AQSh prezidenti Donald Trampning birinchi muddati paytida boshlangan edi. O‘shanda Kongressdagi Demokratik partiya vakillari Tramp 5,7 milliard dollarni AQSh–Meksika chegarasida devor qurishga ajratishni talab qilgan budjet qonunini qo‘llab-quvvatlamadi. Biroq Kongress oxir-oqibat chegara devori uchun mablag‘siz budjetni qabul qildi va Tramp 2019 yil 25 yanvarda uni imzolab, moliyaviy bloklanishga barham berdi.
Kongress budjet boshqarmasi bahosiga ko‘ra, 2018–2019 yillardagi “shatdaun” mamlakatga qariyb 11 milliard dollar iqtisodiy zarar yetkazgan. AQShdagi budjet inqirozi 1996 yil boshida 22 kun, 2013 yilda 16 kun, 1995 yilda olti kun, 1990 va 2018 yillarda uch kundan davom etgan.
Donald Tramp 5 oktyabr kuni AQSh ma’muriyati ishi to‘xtab turgan bir paytda federal amaldorlarni ishdan bo‘shatish boshlanganini e’lon qildi. “Buning barchasiga demokratlar aybdor. Demokratlar ko‘plab ish o‘rinlarining yo‘qolishi uchun javobgar”, — dedi u jurnalistlarga va tafsilotlarni aniqlashtirmay, tezda boshqa mavzuga o‘tdi.
Budjetning bloklanishi sabab taxminan 750 ming federal xizmatchi maoshsiz majburiy ta’tilga chiqarildi. Istisno muhim ta’minot xizmatlariga — aviadispetcherlik, politsiya, chegara qo‘riqchilari va tez tibbiy yordam uchun amal qiladi.
Joriy “shatdaun” Qo‘shma Shtatlar Kongressi yana bir bor vaqtinchalik budjetni kelisha olmaganidan so‘ng rasman boshlandi. Shundan beri respublikachi va demokratlar rahbarlari o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilmagan. Muxolifat vakillari kambag‘al fuqarolar uchun tibbiy sug‘urta dasturi — Obamacare'ni davlat tomonidan moliyalashtirishni davom ettirish masalasida chekinmasligini bildirdi.
Mavzuga oid
14:35 / 05.12.2025
AQSh «Lukoyl»ga joriy etilgan ayrim sanksiyalarni vaqtincha bekor qildi
09:40 / 05.12.2025
NYT OAV uchun joriy etilgan cheklovlar sabab Pentagonni sudga berdi
09:00 / 05.12.2025
NATO Shimoliy Yevropa mudofaasi bo‘yicha shtabni AQShga ko‘chiradi
08:40 / 05.12.2025