Jahon | 07:52 / 07.11.2025
4507
4 daqiqa o‘qiladi

Gunvor “Lukoyl”ning xorijiy aktivlarini sotib olishdan voz kechdi

Gunvor kompaniyasi “Lukoyl”ning xorijiy biznesini sotib olish bo‘yicha taklifini qaytarib oldi. Bundan bir soat oldin AQSh Moliya vazirligi Gunvor’ni “Kreml qo‘g‘irchog‘i” deb atadi va Ukrainadagi urush tugamaguncha unga biznes yuritishga ruxsatnoma bermasligini ma’lum qildi.

Foto: AP

Gunvor (Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan) xalqaro neft treydingi kompaniyasi Rossiyaning eng yirik xususiy neft-gaz kompaniyasi “Lukoyl”ning xorijiy aktivlarini sotib olish bo‘yicha taklifini qaytarib olganini e’lon qildi. Bayonot kompaniyaning X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida 6 noyabr kuni e’lon qilindi.

Gunvor vakillari bu qaror haqida AQSh Moliya vazirligi Gunvor’ning Rossiya bilan bog‘liqligi haqida bayonot berib, kompaniyaga Ukrainadagi urush tugamaguncha biznes yuritish uchun litsenziya bermasligini bildirganidan taxminan bir soat o‘tib ma’lum qildi.

“Prezident Tramp urush darhol to‘xtashi kerakligini ochiq bayon qildi. Rossiya qotilliklarni davom ettirar ekan, Kreml qo‘g‘irchog‘i — Gunvor — hech qachon faoliyat yuritish va foyda olish uchun litsenziya olmaydi”, — deya qayd etildi vazirlikning X’dagi bayonotida.

Kompaniya vakillari esa AQSh Moliya vazirligi bayonotini “butunlay dezinformatsiya va yolg‘on” deb atadi, chunki “Gunvor har doim o‘z egalari va faoliyati haqida ochiq-oshkor ma’lumot berib kelgan, o‘n yildan ortiq vaqtdan beri Rossiyadan faol uzoqlashib, sanksiyalarga muvofiq savdoni to‘xtatgan, Rossiyadagi aktivlarni sotgan va Ukrainadagi urushni omma oldida qoralab kelyapti”.

“Biz bu ochiqdan ochiq noto‘g‘ri tushunchani tuzatish imkoniyatidan mamnunmiz. Shu bilan birga, Gunvor ‘Lukoyl’ning xorijiy aktivlarini sotib olish bo‘yicha o‘z taklifini qaytarib olishini e’lon qiladi”, — deb qo‘shimcha qildi kompaniya.

“Lukoyl” (AQSh va Buyuk Britaniya sanksiyalari ostida) kompaniyasi vakillari 30 oktyabr kuni xorijiy biznesni Gunvor’ga sotish bo‘yicha kelishuv yuzasidan ma’lumot bergan edi. O‘shandayoq rus tomoni boshqa ehtimoliy xaridorlar bilan muzokara qilmaslik majburiyatini olgandi.

Biroq ehtimoliy bitim Rossiya kompaniyasiga nisbatan joriy etilgan cheklovlarni aylanib o‘tish urinishi deb talqin qilinishi mumkin edi. Chunki Gunvor 2000 yilda rossiyalik Gennadiy Timchenko va shved tadbirkori Turbyorn Tyornkvist tomonidan tashkil etilgan. 2014 yilda, Qrim qo‘shib olinishi uchun xalqaro sanksiyalar kuchga kirishidan oldin, Timchenko o‘z ulushini hamkoriga sotgan. Shundan so‘ng Gunvor Rossiyadagi aktivlarini sotib yuboradi.

AQSh Moliya vazirligining Tashqi aktivlar nazorati boshqarmasi (OFAC) 22 oktyabr kuni “Rossiyaning Ukrainadagi urushni tinch yo‘l bilan tugatish jarayoniga jiddiy qiziqish bildirmayotgani” munosabati bilan qo‘shimcha sanksiyalar joriy etdi. Cheklovlar doirasiga “Lukoyl” va “Rosneft”gina emas, balki ularning 34 ta shu’ba kompaniyalari ham tushdi. Shuningdek, “Lukoyl” va “Rosneft” ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan barcha kompaniyalar ham bloklanadi.

Bir hafta oldin Buyuk Britaniya ham “Lukoyl” va “Rosneft”ga nisbatan sanksiyalar joriy etgan edi. Bu jazo choralari aktivlarni muzlatishni, shuningdek trast xizmatlari va transport operatsiyalariga cheklov qo‘yishni nazarda tutadi. Londonda ta’kidlanishicha, “Rosneft” va “Lukoyl” Rossiya hukumati uchun “muhim ahamiyatga ega” soha — energetikada faoliyat ko‘rsatadi.

Mavzuga oid